Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Davlat rahbari sohadagi ba`zi kamchiliklarni sanar ekan, 20 dan ziyod idoraning ijtimoiy himoya borasidagi faoliyati hujjatlarda puxta o`ylanmasdan, betartib belgilanganini ko`rsatib o`tdi.
Hudud rahbarlari ham muhtoj oilalar bilan manzilli ishlamay, pul va oziq-ovqat berish, maishiy texnika sovg`a qilish bilan cheklanib kelgani qayd etildi.
Eski ijtimoiy himoya tizimida odamlarga umid berish, hayotini yaxshilashi, band bo`lishiga ko`maklashish eng oxirgi o`ringa tushib qolgan.
Nogironligi bo`lgan shaxslarni tibbiy va ijtimoiy reabilitasiya qilish, kasbga o`rgatish orqali to`laqonli hayotga qaytarishga e`tibor sustlashib ketgani tanqid qilindi.
Nogironligi bor shaxslar ishlashi mumkin bo`lgan kasblar ro`yxati zamon talablaridan kelib chiqib qayta ko`rib chiqilmagani sababli ular o`zining mehnat salohiyatini to`liq ro`yobga chiqara olmayapti.
Og`ir ijtimoiy ahvoldagi odamlarni hayotga ilhomlantiradigan, rag`bat uyg`otadigan ta`sirchan kontent, she`r, qo`shiq, film va boshqa badiiy asarlar yaratilmayapti.
Prezident bu sohada umumiy yondashuv o`zini oqlamagani, har bir oila va inson taqdiriga alohida professional yondashish lozimligini qayd etib, ustuvor yo`nalishlarni belgilab berdi.
Buni mahalla darajasida manzilli, shaffof va adolatli tashkil etish zarurligi ta`kidlandi.
Masalan, kam ta`minlangan oilalarni aniqlash mezonlarini ishlab chiqish, tizimni shaffof qilish hisobiga doimiy daromadga ega oilalar ehtiyojmand toifasidan chiqarildi.






