Avval xabar berganimizdek, ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tmoqda.
Yig`ilishda Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligida monomarkazlarda nogironligi bo`lganlar ta`lim olishi uchun qulay muhit va zarur infratuzilmani yaratib, ularga stipendiya to`lash tartibini joriy qilish topshirildi.
Nogironligi borlar kasanachilik va hunarmandchilik asosida yaratgan mahsulotlarini elektron platforma orqali sotish tizimi yo`lga qo`yiladi.
Vazirlik va hudud rahbarlariga yil yakuniga qadar barcha byudjet tashkilotlariga 20 ming nafar, banklarga kamida 1 ming nafar nogironligi borlarni ishga qabul qilish topshirildi.
Imkoniyati cheklangan bolalar boradigan 112 ta maktab va 74 ta bog`chadagi ta`lim dasturini qayta ko`rib chiqish, maktablarni inklyuziv ta`limga moslashtirish dasturini amalga oshirish muhimligi ta`kidlandi.
Nogironligi bo`lganlar uchun Sportni rivojlantirish assosiasiyasi tashkil etiladi. Paralimpiya qo`mitasi, tegishli sport federasiyalari, O`zbekiston maxsus olimpiadasi Assosiasiya tarkibiga kiradi.
Assosiasiya nogironligi bor shaxslarni mahalladan boshlab ommaviy sportga jalb qilish bilan shug`ullanadi va “Besh tashabbus” doirasida sport musobaqalarini o`tkazib boradi.






