Qo`shni davlatlardan kontrabanda yo`li bilan olib kelingan narkotik moddalar to`xtatib qolindi, deya xabar bermoqda “darakchi.uz”ga DXX matbuot xizmati.
Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy va Samarqand viloyatlari bo`yicha boshqarmalari xodimlari hamkorligida Nurobod tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda, Urgut tumanida yashovchi, 2003 y.t. shaxs Nurobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1984 y.t. jinoiy sherigi bilan til biriktirib, Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 2 kg. 875 gr. “opiy” moddasini 40,5 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida qo`lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasi va Chegara qo`shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlarini jalb qilgan holda o`tkazilgan tezkor tadbirda,
“Samarqand-Toshkent” yo`nalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina Jomboy tumani hududida to`xtatilib, ko`zdan kechirildi.
Natijada, unda yo`lovchi sifatida ketayotgan, Urgut tumanida yashovchi, 1993 va 1996 yillarda tug`ilgan 2 nafar shaxsning yonida 1 kg. 616 gr. “opiy” moddasi borligi ma`lum bo`ldi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, “Toshkent-Farg`ona” yo`nalishida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtomashina Namangan viloyatining Pop tumanidagi YPX maskanida to`xtatildi.
Ammo, to`xtash jarayonida avtotransport vositasida yo`lovchi sifatida ketayotgan, 1987 yilda Bag`dod tumanida tug`ilgan shaxs avtomashina oynasidan bir dona paketni uloqtirib yuboradi.
Shundan so`ng, ushbu paket xolislar ishtirokida tekshirib ko`rilganda, unda 1 kg. 915 gr. “gashish” moddasi borligi ma`lum bo`ldi.
Aniqlanishicha, mazkur fuqaro tojikistonlik narkokur`erlar tomonidan Toshkent viloyatining Bo`ka tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan ajal og`usini olib ketayotgan bo`lgan. U giyohvandlik vositasini 8 ming AQSh dollariga sotib olgan.
Farg`ona viloyatining Oltiariq tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda esa Farg`ona tumanida yashovchi, 1990 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog`liq jinoyati uchun sudlangan shaxs 770 gr. “gashish” moddasini 7 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida qo`lga olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, Qirg`iz Respublikasidan kontrabanda yo`li bilan olib kelingan ushbu narkotik moddaning haqiqiy egasi Farg`ona tumanida yashovchi, 2000 y.t. fuqaro ekanligi aniqlanib, u ham ushlandi.
Hozirda ushbu shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo`llanilgan.






