Prezident Qarori (PQ-85-son, 24.02.2024 y.) bilan ayrim normativ huquqiy hujjatlarga qo`shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
“Zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qaroriga quyidagilarni nazarda tutuvchi qo`shimchalar kiritildi:
Qimmatbaho metallarni kechiktirib to`lash sharti bilan sotib olish imkoniyatidan foydalanilgan har bir kun uchun foizlar hisoblash tartibi joriy qilindi, xususan:
- 30 kun ichida amalga oshirilgan to`lovlar qismiga – foiz hisoblamaslik;
- 31-kundan 180 kun ichida amalga oshirilgan to`lovlar qismiga – Markaziy bank asosiy stavkasi miqdorida foiz hisoblash belgilandi.
Shuningdek, “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahalliy zargarlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qaroriga quyidagi mazmundagi qo`shimchalar kiritildi:
Qimmatbaho metallarni birja savdolarida chegirmalar qo`llagan holda sotib oluvchi tadbirkorlarga qo`yiladigan mezonlarni belgilashda quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy qilindi:
- yaratilgan ish o`rinlarining kamida 70 foizini zargarlik buyumlari va qimmatbaho metall buyumlar ishlab chiqarish bilan shug`ullanadigan ishchilar kasblarini tashkil etish;
- yaratilgan ish o`rinlariga ishga qabul qilingan xodimlarga kamida 6 oy davomida ish haqi hisoblanishi va ushbu holat soliq organlari tomonidan tasdiqlangan bo`lishi;
- tadbirkorlik sub`ektlari zarur moddiy-texnika bazasi, uskunalar va boshqa texnika vositalari, ishlab chiqarish maydonlari hamda sharoitlarga ega bo`lishi.






