Toshkent viloyatidagi Ohangaron shahri hokimi lavozimiga Muzaffar Erkaboevich Rajabboev tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bugun, 26 fevral kuni Xalq deputatlari Ohangaron shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo`lib o`tgan. Unda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzaev Ohangaron shahar hokimi lavozimiga Muzaffar Rajabboev nomzodini tavsiya qilgan.
Rajabboev Xalq deputatlari Ohangaron shahar Kengashining qarori bilan Ohangaron shahar hokimi etib tayinlangan.
Ma`lumot o`rnida, Muzaffar Rajabboev 1984 yilda Parkent tumanida tug`ilgan. Ma`lumoti – oliy. 2007 yil Toshkent irrigasiya va melliorasiya instituti, 2014 yil O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi, 2019 yilda Xitoy Xalq Respublikasi xalqaro biznes va iqtisodiyot universitetida magistraturani tamomlagan.
U mehnat faoliyatini Qibray tumani IIB Yong`in xavfsizligi xizmatida boshlagan. Shuningdek, Yuqori Chirchiq, Parkent tumani hokimliklarida mas`ul vazifalarda ishlagan. Rajabboev tayinlovga qadar Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligida bo`lim boshlig`i lavozimida ishlab kelayotgan edi.






