AsosiyJamiyat

Farg`onada 1.3 mlrd. so`mlik elektr energiyasini talon-toroj qilgan noqonuniy maynerlar aniqlandi

'Farg`onada 1.3 mlrd. so`mlik elektr energiyasini talon-toroj qilgan noqonuniy maynerlar aniqlandi'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament, viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda “O`zenergoinspeksiya” bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o`tkazildi. Bu haqda “darakchi.uz”ga DXX matbuot xizmati xabar qildi.

Jumladan, Qo`qon shahrida yashovchi, 1973 y.t. shaxs o`z qarindoshining yashash xonadonida 10 ta "Bitmain Antminer" rusumli mayning qurilmalarini elektr ta`minoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, o`zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog`iga ulab, 2021-2024 yillar davomida mayning faoliyati bilan shug`ullanib kelishi natijasida, davlat manfaatlariga 638 mln. 274 ming so`m miqdorida zarar etkazgan.

Farg`ona shahrida yashovchi, 1989 y.t. shaxsning xonadonida 11 dona, quvvati 14,85 kilovatt bo`lgan "Antminer" rusumli mayning qurilmalari yashirin ravishda elektr tarmog`iga ulanib, 320 mln. 118 ming so`mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingan.

Boshqa holatda esa Farg`ona shahrida yashovchi, 1971 y.t. fuqaroga tegishli xonadon ko`zdan kechirilganda, 6 dona, quvvati 12,4 kilovatt bo`lgan "Antminer" rusumli mayning qurilmalari elektr tarmog`iga noqonuniy ulanib, elektr ta`minoti korxonasiga 293 mln. 284 ming so`mlik zarar etkazilgan.

Yana bir holatda, Farg`ona shahrida yashovchi, 1989 y.t. shaxs o`zining onasiga tegishli xonadonda kriptovalyuta ishlab chiqarish faoliyati bilan qonunga xilof ravishda shug`ullanib, "Antminer" rusumli 3 dona mayning qurilmalaridan foydalanishi natijasida, elektr energiyasi bo`yicha davlat manfaatlariga 77 mln. 585 ming so`m miqdorida zarar etkazgan.

Aniqlangan ushbu holatlarda davlatga etkazilgan zarar jami 1 mlrd. 329 mln. 261 ming so`mni tashkil etadi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar