AsosiyJamiyat

O`zbekistonda bolalarga ham himoya orderini berish taklif etildi

'O`zbekistonda bolalarga ham himoya orderini berish taklif etildi'ning rasmi

Bugun, 27 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bolalarni zo`ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o`qishda konseptual jihatdan ko`rib chiqildi.

Majlisda qonun loyihasi yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov ma`ruza qildi.

Ma`lum qilinishicha, qonun loyihasida bolalarga nisbatan zo`ravonlik shakllari amaldagi uchtadan (jismoniy, jinsiy, ruhiy) oltitaga (g`amxo`rlik ko`rsatmaslik, ekspluatasiya, bulling) oshirilmoqda.

Shuningdek, endilikda bolalarga ham himoya orderi berish taklif etilmoqda. Order vakolatli organ tomonidan zo`ravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani o`z qaramog`iga olgan boshqa shaxsga hamda zo`ravonlikdan jabrlanuvchining o`ziga beriladi.

Bundan tashqari, loyihada ta`lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zo`ravonlikka yo`l qo`yilmasligi, ta`lim muassasalarida intizomiy jazo chorasi sifatida zo`ravonlikning har qanday shakli, shu jumladan jismoniy jazo va boshqa shafqatsiz xatti-harakatlarni amalga oshirish yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani qo`llashga yo`l qo`yilmasligi belgilanmoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining ta`kidlashicha, zo`ravonlik xavfi ostida bo`lgan bolalar toifalarining (etim, nazoratsiz, aqliy rivojlanishda nuqsoni bor, fohishalik, tilanchilik bilan shug`ullanayotgan bolalar) qonun loyihasida aniq belgilab berilganligi, sohadagi vakolatli organlarga zo`ravonlikdan jabrlangan, zo`ravonlik xavfi ostida bo`lgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish hamda zarur hollarda ularga nisbatan zo`ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarni o`z vaqtida amalga oshirishiga yordam beradi.

Ma`ruzada o`rganish natijalari ham ochiqlandi.

"O`zbekistonda zo`ravonlik ko`rinishlari va qamrovi haqida ma`lumot berish mumkin bo`lgan tadqiqotlar natijalarini toplash, ularni qayta ishlash yoki umuman solishtirish imkonini beruvchi tizim to`liq shakillanmagan. Shunga qaramay, mavjud ma`lumotlarning ko`rsatishicha, O`zbekistonda bolaga nisbatan zo`ravonlik oshmoqda.

2021 yilda bolalarga nisbatan 1 ming 831 ta jinoyat sodir etilgan bo`lsa, 2022 yilda esa 2 ming 194 ta kuzatilgan.

Bolalar jinsiy erkinliggiga qarshi — 2021 yilda 334 ta, 2022 yilda 395 ta jinoyat sodir etilgan.
Eng ko`p jinoyatlar — Farg`onada 719 ta, Samarqanda, Toshkentda va Tashkent viloyatlarida...", — dedi agentlik direktori Mansurbek Olloyorov.

Shuningdek, Olloyorovning ma`lum qilishicha, 2023 yilning iyun oyida agentlik tomonidan ishchi guruh Chinoz tumanidagi Respublika qiz bolalar o`quv-tarbiya muassasasiga borgan. Ishchi guruh tomonidan 185 nafar qiz boladan 21 nafarining holati o`rganilganda ularga nisabatan yaqin qarindoshlari tomonidan ijtimoiy xavfli qilmishlar, har xil zo`rlash kabilar sodir etilgani aniqlangan. Ushbu qizlar shunga ko`ra, muassasaga kelib qolgani oydinlashgan.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, erta yoshda zo`ravonlik va tazyiqqa uchragan 60 foiz bolalar ruhiy nosog`lom bo`lib etishadi. Bu kabi bolalar jinoyatga, o`z joniga qasd qilish, giyohvandlik va boshqa salbiy illatlarga moyil bo`ladi.

Xalqaro tashkilotlar tomonidan o`tkazilgan global  tadqiqotlarga ko`ra, 2 dan 17 yoshgacha bo`lgan 1 mlrdga yaqin bola jismoniy, jinsiy, ruhiy va g`amhurlik ko`rsatmaslik kabi zo`ravonlikka uchragan. Ularning 80 foiziga yaqin qismi bu haqida hech kimga xabar bermagan.

    Boshqa yangiliklar