AsosiyJamiyat

Gulistonda "dom" qurish uchun erni 300 ming AQSh dollarga sotmoqchi bo`lganlar qo`lga olindi (video)

'Gulistonda "dom" qurish uchun erni 300 ming AQSh dollarga sotmoqchi bo`lganlar qo`lga olindi (video)'ning rasmi

Sirdaryo, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida er maydonlarining noqonuniy sotilishi bilan bog`liq holatlarga chek qo`yildi. Bu haqida Darakchi.uz`ga DXX matbuot xizmati ma`lum qildi.

Guliston shahrida yashovchi, 1964 va 1976 yillarda tug`ilgan 2 nafar shaxs o`zaro til biriktirib, hozirda Guliston tumani hokimiyati zaxirasida bo`lgan 38 sotix er maydonini tadbirkorlik bilan shug`ullanmoqchi bo`lgan fuqaroga olib berish hamda ushbu er maydonida ko`p qavatli uy-joy qurish uchun mansabdor tanishlari orqali tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 300 ming AQSh dollari talab qilishadi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda Guliston shahrida o`tkazilgan tezkor tadbirda, ular oldindan 50 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu noqonuniy ishga 2018-2021 yillarda Guliston tumani hokimi lavozimida ishlagan shaxs ham aloqador ekanligi aniqlandi.

Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirishga ixtisoslashgan fermer xo`jalik rahbari va hisobchisi o`zaro til biriktirib, mazkur xo`jalikka 49 yil muddatga ijaraga berilgan 3 gektar er maydonini xaridorga 70 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 35 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi. 

Bu yo`nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari ham boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar o`tkazishdi. 

Jumladan, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo`jalik rahbari mazkur tumandagi klasterga tegishli 66,32 gektar yaylov erlaridan ikkilamchi ijara shartnomasi asosida foydalanib kelayotgan bo`lsada, ushbu shartnomani bekor qilib, klaster rahbarlari orqali 57 gektar yaylovni xaridor nomiga ijara asosida rasmiylashtirib berish evaziga 500 mln. so`m talab qiladi.

Ammo, u so`ralgan pul mablag`i hisobidan 20 ming AQSh dollari va 100 mln. so`m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Boshqa holatda esa Shahrisabz tumanidagi agrofirma rahbari tuman hokimligi zahirasida bo`lgan 50 gektar sug`oriladigan er maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridorga 1 yil muddatga, tegishli hujjatlarsiz foydalanish uchun olib berish evaziga 500 mln. so`m talab qilib, oldindan 150 mln. so`m olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida, u mazkur pul mablag`ining bir qismini o`zining jinoiy sherigi bo`lgan, paxta-g`alla etishtirishga ixtisoslashgan fermer xo`jalik rahbariga berishi kerakligi aniqlanib, ushbu shaxs ham 20 mln. so`m olgan vaqtida ushlandi.

Ta`kidlash lozimki, agrofirma rahbari ham, klaster rahbari ham muqaddam sudlangan bo`lsalarda, o`z xatolaridan to`g`ri xulosa chiqarishmagan.

Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida yashovchi, 1975 y.t. fuqaro o`zining turmush o`rtog`iga tuman hokimining 2010 yildagi qarori asosida dehqon xo`jaligi tashkil etish uchun 49 yil muddatga ijaraga berilgan 30 sotix er maydonini go`yoki 40 sotix deb aytib, xaridorga 280 mln so`mga sotishga kelishadi.

Ammo, Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda, u so`ralgan pul mablag`ini olgan vaqtidaashyoviy dallillar bilanushlandi. 

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo`zg`atilgan.

 

    Boshqa yangiliklar