Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi hamda uning hududiy boshqarmasi tomonidan Dehqonobod tumanida joylashgan “Dehqonobod kaliy zavodi” faoliyati o`rganildi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tekshiruv davomida er ostida hosil bo`lgan sizot suvlarini tashqariga chiqarish uchun shaxta loyihasi asosida markaziy nasos stansiyasi qurilgani, loyihada esa suv tozalash inshooti ko`zda tutilmaganligi natijasida chiqindi suvlarning uchdan ikki qismi ruda changini bosish uchun ishlatilib, bir qismi to`g`ridan-to`g`ri “Tuyashsoy” soyiga tashlanayotganligi ma`lum bo`lgan.
Ushbu avariyali tashlanma suvlardan namunalar olinib, tahlil qilinganda oqova suv tarkibida muallaq moddalar 31,0 mg/l, quruq qoldiq 6130 mg/l, xloridlar 1582,1 mg/l, kimyoviy moddalar 16,3 mg/l, nitrit 24,5 m/l, ammoniy 0,02 m/l, nitrat 0,05 m/l, moylar 0,001 m/l, neft mahsulotlari 0,001 m/l ko`rsatkichda ekanligi aniqlandi.
Qayd etilishicha, kon faoliyati uchun ishlab chiqilgan “Ekologik oqibatlar bayonoti” loyiha hujjatida hosil bo`lgan shaxta suvlarini maxsus tuz saqlash hovuziga joylashtirish belgilangan bo`lsa-da, amalda mazkur er osti sizot suvlari soyga tashlanmoqda. Mazkur suvlarning tarkibi korxonaga tegishli bo`lgan markaziy laboratoriya tomonidan 2022 yil 17 avgust oyidan boshlab tahlil qilina boshlangan va natijalari qayd etib borilgan. Shuningdek, 2020 yilda o`tkazilgan tekshirishda ushbu manbadan hosil bo`lgan sizot suvlarni soyga tashlamaslik bo`yicha berilgan ko`rsatmalarga amal qilinmagan.
Yuqoridagi qonun buzilishi holatlaridan kelib chiqib, “Dehqonobod kaliy zavodi”ga 363 mln 57 ming 900 so`m kompensasiya to`lovi belgilangan. Shuningdek, tekshirish davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan 18 banddan iborat majburiy ko`rsatmalar berilgan.






