Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, Buxoro shahridagi advokatlik byurosi advokati, tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanuvchi shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida, prokuratura organlaridagi mansabdor tanishlari orqali engillik yaratib berish evaziga 100 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Jizzax viloyati bo`yicha boshqarmasi va Ichki ishlar vazirligining Jizzax viloyati Transportda xavfsizlikni ta`minlash boshqarmasi xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda, viloyat Transport boshqarmasining Tenderlar o`tkazish bo`limi bosh mutaxassisi Forish tumanida yo`lovchi tashish faoliyati bilan shug`ullanuvchi xususiy korxonaga davlat tomonidan berilgan “ISUZU” avtobusini sotish huquqi bo`lmasada, jismoniy shaxsga 6,6 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, Chinoz tumani hokimligi xodimi tumandagi kam ta`minlangan oilalarga imtiyozli kredit asosida berilgan uylardan birining egasini xabardorligisiz, u kredit to`lovlarini amalga oshirmayotganligini ro`kach qilib, ushbu xonadonni bank balansiga qaytarish orqali, boshqa bir fuqaro nomiga egalik huquqini beruvchi qaror chiqartirib, kredit rasmiylashtirib berish evaziga 6 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilgan.






