Elektr iste`moli yuqori bo`lgan qishloq va suv xo`jaligi, ichimlik suvi ta`minoti korxonalarida “yashil energiya” quvvatlarini ko`paytirish bo`yicha ishlarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
Masalan, qishloq xo`jaligi erlarida quyosh panellarini o`rnatish, ya`ni “agrovoltaika” bo`yicha xorijiy tajriba o`rganilmoqda. Hisob-kitoblarga ko`ra, mamlakatimizda 10 gigavattli agrovoltaika salohiyati mavjud.
Mutasaddilarga joriy yilda 6 ta tumanda “agrovoltaika” usulida pilot loyihalarni boshlash topshirildi.
Umuman, xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda energiya sarfi yuqori bo`lgan sohalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo`yicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.
Yirik quyosh va shamol stansiyalarini qurish, ularni tarmoqqa ulash, remont-servis xizmatini ko`rsatish hisobiga mahalliy korxonalar uchun katta bozor vujudga kelmoqda. Hozirgi kunda 30 dan ziyod yirik va o`rta mahalliy ishlab chiqaruvchilar, 100 dan ortiq servis korxonalari mavjud.
Davlatimiz rahbari bu quvvatlar hali etarli emasligini ta`kidlab, quyosh panellari, akkumulyator, invertor, suv isitkich, mis kabel va transformator ishlab chiqarish bo`yicha loyihalarni ko`paytirish muhimligini qayd etdi.
Shu bilan birga, mahalliy korxonalarga xorijiy investorlar talab qiladigan xalqaro sertifikatlarni olishda va ishlab chiqarishni standartlarga muvofiqlashtirishda ko`maklashish vazifasi qo`yildi.
Yig`ilishda tarmoq va hudud rahbarlari bugun belgilangan vazifalarning to`liq va sifatli ijrosi uchun mas`uliyatini kuchaytirishi lozimligi, sustkashlikka yo`l qo`ygan rahbarlarga qat`iy chora ko`rilishi ta`kidlandi.
Mutasaddilarga joylarda quyosh panellarini o`rnatishda ko`zbo`yamachilik va “qo`shib yozish” holatlarining oldini olish yuzasidan topshiriq berildi.
Shuningdek, kelgusi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni hozirdan boshlash, qancha tarmoq, qancha transformatorni ta`mirlash yoki yangilashga ehtiyojni aniq hisob-kitob qilib, tegishli dasturlarni ishlab chiqish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
Yig`ilishda tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
28.02.2024 19:19
Kelgusi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni hozirdan boshlash kerak — Shavkat Mirziyoev






