Toshkent va Mumbai o`rtasida aviaqatnov qayta tiklanmoqda
Hindistonning Maharashtra shtatida Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tomonidan aprel oyida Toshkent–Mumbai–Toshkent havo qatnovini qayta tiklanayotgani hamda mamlakatimizning jozibador turizm yo`nalishlariga bag`ishlangan yirik taqdimot marosimi o`tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbir O`zbekistonning Dehlidagi elchixonasi, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi va mezbon mamlakatning Arya Enterprises va Aero World Travels kompaniyalari hamkorligida tashkil etildi.
Marosimda Maharashtra shtati, jumladan, uning ma`muriy markazi — Mumbai shahrida faoliyat yuritadigan 100 ga yaqin etakchi turistik tashkilot va agentliklar rahbarlari va mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O`zbekiston elchisi Sardor Rustamboev mamlakatimizda so`nggi yillarda turizm sohasini izchil rivojlantirish, chet ellik va mahalliy sayyohlar uchun zamonaviy talablar darajasida qulayliklar yaratish, soha infratuzilmasini takomillashtirish, ushbu yo`nalishdagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va xorijlik sarmoyadorlar faoliyati uchun jozibador muhit barpo etish borasida amalga oshirilayotgan tizimli sa`y-harakatlar haqida so`zlab berdi.
Taqdimotda Uzbekistan Airways aviakompaniyasining xorijiy davlatlar, jumladan, Hindistonga parvoz geografiyasi kengayib borayotgani, aprel oyida Mumbaiga aviaqatnovlar qayta yo`lga qo`yilgach, hind shaharlariga parvozlar soni haftasiga sakkiz martaga etishi ta`kidlandi. Mamlakatimiz milliy aviatashuvchisi Hindistonga reyslar sonini muntazam tarzda ko`paytirib borishni rejalashtirayotganiga alohida e`tibor qaratildi.
– Hindistonning yirik shaharlaridagi aeroportlardan uch-uch yarim soatlik masofada joylashgan O`zbekiston haqidagi ma`lumotlar, audio va videolavhalar katta qiziqish uyg`otdi, – deydi Orchids Holidays kompaniyasi boshqaruvchi direktori Rajesh Majumdar. – O`zbekistonda ko`ngildagidek sayohat uchun kerakli bo`lgan milliy madaniyat va oshxona, tarixiy obidalar, tog`lar, tog`-kurort maskanlari va boshqa zarur bo`lgan barcha narsalar bor. Bizda bu katta taacsurot qoldirdi. Taqdimot marosimida men Hindistondan O`zbekiston yo`nalishida faollashayotgan sayyohlar oqimiga o`zimning munosib hissamni qo`shishga qaror qildim.
Toshkent va Mumbai shaharlari havo yo`li orqali bog`lanayotgani qariyb 120 million aholi yashaydigan Maharashtra shtati va unga qo`shni hududlar aholisi uchun turizmning yangi yo`nalishlari, jumladan, tog`-chang`i, ziyorat, ekologik turlarini o`zlashtirish, nikoh marosimlarini o`tkazish, kino ijodkorlari tomonidan filmlar suratga olishda yangi lokasiyalar kashf qilish uchun qulay imkoniyatlar taqdim etadi.






