Barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarida 2025 yil 1 yanvardan boshlab amaldagi rahbar o`rinbosarlaridan biriga energiya samaradorligi va energiya tejamkorligi bo`yicha vazifalar yuklatiladi hamda energiya menejeri (Energy Efficiency Manager) lavozimi kiritiladi.
Bu haqda Prezidentning tegishli qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e`lon qilindi.
Hujjat loyihasiga ko`ra, rahbariyat uchun energiya resurslarini tejash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni joriy etish bo`yicha asosiy ko`rsatkichlar (KPI) joriy etiladi.
Bundan tashqari Energetika vazirligi markaziy apparatida umumiy shtatlar soni doirasida barcha tashkilot va korxonalarda energiya resurslari iste`molining tahlilini o`tkazish bilan shug`ullanuvchi tarkibiy bo`linma hamda uning hududiy boshqarmalari tashkil etiladi.
Belgilanishicha, hududiy boshqarmalarning jami shtatlar soni 70 tani tashkil etadi va ular ma`muriy islohotlar doirasida maqbullashtiriladigan shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi.
Hududiy boshqarma 1 nafar rahbar, elektr energiyasi ta`minoti bo`yicha 1 nafar mutaxassis, tabiiy va suyultirilgan gaz ta`minoti bo`yicha 1 nafar mutaxassis, mahalliy va import ko`mir ta`minoti bo`yicha 1 nafar mutaxassis hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samaradorligi bo`yicha 1 nafar mutaxassis xodimdan iborat bo`ladi.
Hududiy boshqarmalarning faoliyati 2024 yilda Energetika vazirligi huzuridagi Yoqilg`i-energetika tarmog`ini rivojlantirish jamg`armasi hisobidan, 2025 yildan byudjet mablag`lari hisobidan moliyalashtiriladi va Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining mavjud bino va inshootlarida joylashtiriladi.






