AsosiyJamiyat

Daraxt kesganlik uchun jarima miqdori 5 baravarga oshirildi

'Daraxt kesganlik uchun jarima miqdori 5 baravarga oshirildi'ning rasmi

Avval xabar qilinganidek, “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonunga asosan, daraxtlarni kesish yoki shikast etkazganlik uchun jazo choralari kuchaytirildi.

Ekologiya, atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish vazirligi matbuot xizmati xabariga ko`ra, Qonun bilan MJtKning 79-moddasiga o`zgartirish kiritildi. Unga ko`ra, daraxtlar, butalar, boshqa o`simliklar va nihollar qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo`q qilish yoki boshqa joyga ko`chirib o`tkazgan fuqarolar BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha — 8 million 500 ming so`mdan 17 million so`mgacha (shu paytga qadar BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha), mansabdor shaxslar esa BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha, ya`ni 17 million so`mdan 25 million 500 ming so`mgacha (shu paytga qadar BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha) jarimaga tortiladi.

Shu bilan birga, xuddi shunday huquqbuzarlik ma`muriy jazo chorasi qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, ma`muriy huquqbuzarliklarni sodir etish quroli bo`lgan ashyo yoki ma`muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosi musodara qilinib, fuqarolarga BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha, ya`ni 17 million so`mdan 25 million 500 ming so`mgacha (shu paytga qadar BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha), mansabdor shaxslarga esa BHMning 75 baravaridan 100 baravarigacha, ya`ni 25 million 500 ming so`mdan 34 million so`mgacha (shu paytga qadar BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma`muriy qamoqqa olishga sabab bo`ladi.

Bundan tashqari, MJtKning 79-moddasi to`rtinchi qism bilan to`ldirildi. Unga ko`ra, daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yoki yo`q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqan mansabdorlar BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha, ya`ni 17 million so`mdan 25 million 500 ming so`mgacha jarimaga tortiladi. 

Shu bilan birga, "O`simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida"gi Qonun 49(1) va 49(2)-modda bilan to`ldirildi. Ya`ni davlat o`rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini g`ayriqonuniy ravishda kesganlik, yo`q qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha (34 million so`mdan 102 million so`mgacha) miqdorda jarima tarzida moliyaviy sanksiyalar qo`llaniladi.

Qonun 2024 yilning 1 mart sanasidan kuchga kirdi.

    Boshqa yangiliklar