Joriy yilning 4 mart kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo`yicha Uchtepa tuman sudida MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan javobgarlikka tortilayotgan huquqbuzar I.A.ga oid ish ko`rib chiqildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi Matbuot xizmati darakchi.uz'ga xabar qildi.
Aniqlanishicha, avtobus chiptachi vazifasida ishlovchi I.A. o`tgan yilning oktyabr-noyabr oylari davomida avtobusda yo`lovchi sifatida minib kelgan Yu.A.ga jinsiy aloqada birga bo`lishni taklif qilib, shahvoniy shilqimlik qilib kelgan.
Sud majlisida jabrlanuvchi Yu.A. huquqbuzar I.A.ga oilali ekanligini aytishiga qaramasdan unga birga jinsiy aloqada bo`lishni taklif qilganligini bildirib, qonuniy jazo berishni so`ragan.
Sud hukmiga ko`ra, huquqbuzar I.A. MJtKning 41-1-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli deb topildi va shu moddaga asosan unga 3 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi.






