Aliment to`lovlari davriy to`lovlar sirasiga kirib, bola voyaga etguniga qadar to`lab boriladi. Bugungi kunda, aliment to`lovchi shaxslarning ko`pchiligi oldindan to`lov tartibi haqida tushunchalarga ega.
"Shu bois, mamlakat hududidan chetga chiqish istagida bo`lgan yoki xorijga safarga otlanayotgan fuqarolar farzandlari ta`minoti uchun 5 yillik to`lovlarni oldindan to`lab qo`ymoqda", - deydi Majburiy ijro byurosi Matbuot kotibi.
Uning ma`lum qilishicha, Andijon shahrida istiqomat qiluvchi A.A. sud qaroriga binoan 2021 yildan buyon bir nafar farzandi uchun aliment to`lab keladi. Ijro harakatlari davomida Byuro xodimlari tomonidan xorijga chiqish huquqlari cheklangan.
Shu sabab, aliment to`lovchi sudga murojaat etib, tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishi, chet ellik investorlar bilan hamkorlik qilishi uchun xorijga safar qilishi zarurligini bildirgan. Shuningdek, oldindan 5 yillik to`lovni amalga oshirgani holda ijro etish usuli va tartibini o`zgartirishni so`ragan.
Sud ajrimi bilan 2024 yil fevral oyidan 2029 yil fevral oyiga qadar hisoblangan 96,6 mln. so`m aliment to`lovlarini bir yo`la to`lash sharti bilan ijro etish usuli o`zgartirilgan.
60 oy uchun mo`ljallangan 96,6 mln. so`m miqdoridagi aliment to`lovlari undiruvchiga topshirilgach, xorijga otlanayotgan shaxsning chetga chiqish uchun cheklovlari bekor qilingan.






