Prezident Shavkat Mirziyoev 6 mart kuni Toshkent viloyatining tuman va shaharlaridagi imkoniyatlarni to`liq ishga solish chora-tadbirlari yuzasidan yig`ilish o`tkazdi.
Toshkent viloyatida 15 ta tuman va 7 ta shahar bor. Hudud qulay geografik makonda, voha va vodiy viloyatlarini poytaxtimiz bilan bog`laydigan muhim transport yo`lagida joylashgan.
Lekin viloyatning iqtisodiy rivoji mavjud salohiyatga umuman mos emas. Na savdo, na er-suv, na transport-tranzit imkoniyatlaridan to`la foydalanilayapti. Ba`zi ko`rsatkichlar bunday qulayliklar bo`lmagan ayrim chekka hududlardagidan ham past.
Tanqidiy ruhda o`tgan yig`ilishda ishga solinmayotgan imkoniyatlar, bu boradagi sustkashliklar ko`rsatib o`tildi.
Poytaxtimiz jadal rivojlanayotgani holda uning yonidagi viloyat hududlari bu sur`atdan ortda qolmoqda. Masalan, Toshkent, Zangiota, Qibray, Yuqori Chirchiq, O`rta Chirchiq tumanlarida sanoat hajmi yondosh poytaxt tumanlariga nisbatan bir necha barobar kam. Qurilish sohasida ham shu ahvol.
Bir qator kichik tadbirkorlar faoliyatini to`xtatgan. 29 ta yirik korxonada hamda Bekobod va Yangiyo`l shaharlarida ishlab chiqarish kamaygan. Viloyatda ekin erlari ko`p bo`la turib, Andijon bilan deyarli bir xil hajmda mahsulot etishtirilgan.
Hududlarning bor salohiyati daromadga aylanmayapti. Sababi “o`sish nuqtalari”ni topish va ishga solish bo`yicha hokimlarda tashabbus etishmayapti. Ayrim hokimlar hatto o`z hududida “pastga tushmagan”, tadbirkorni qo`llab-quvvatlash, ish o`rinlarini ko`paytirishga harakat qilmagan.
Yig`ilishda viloyatdagi shahar va tumanlar mutasaddilari o`z faoliyatida o`zgarish qilmasa, lavozimiga loyiqligi ko`rib chiqilishi to`g`risida ogohlantirildi.
Davlatimiz tomonidan ular uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Lekin hamma tumanlarda ham rivojlanish bir xil emas. Xususan, Parkent, Yangiyo`l, Chinoz va Oqqo`rg`on tumanlarida turizm, tranzit va iqtisodiy qulayliklar ko`p bo`lsa-da, taraqqiyotdan orqada. Shu bois, Prezident topshirig`iga muvofiq, ulardagi haqiqiy holat, imkoniyatlar va tadbirkorlarning takliflari o`rganildi.
Yig`ilishda shu boradagi tahlillar, mazkur tumanlarning “o`sish nuqtalari” taqdimot qilindi.
Jumladan, Parkent tumanining xushmanzara joylariga olib boruvchi yo`llarni ta`mirlash, mikroavtobuslar qatnovini tashkil etish, yo`l bo`yida savdo va xizmat ko`rsatish shoxobchalari qurish uchun tadbirkorlarga er ajratish taklif etilmoqda. Parkentsoy, Qizilsoy va Chovlisoyning muhofaza hududini aniq belgilash va qirg`oqlarini mustahkamlash orqali bo`shaydigan erlardan samarali foydalanish ham mumkin.
Yangiyo`l tumanida “loyiha qilaman, investisiya olib kelaman”, degan tadbirkorlar juda ko`p. Lekin loyihalar uchun er topish muammo. Shu bois hozirda bo`sh turgan inshootda oziq-ovqat va gigiena mahsulotlariga ixtisoslashgan kichik sanoat zonasi tashkil etish ko`zda tutilmoqda.
Chinoz tumanida savdo-ko`ngilochar majmua va zamonaviy baliq bozori barpo etish, yo`l bo`yida savdo va xizmatlarni kengaytirish, xonadonlarda issiqxonalarni ko`paytirish kabi imkoniyatlar hisob-kitob qilingan.
Oqqo`rg`onda sanoat rivojlanmagani sababli ko`plab xotin-qizlar Toshkent shahri va boshqa tumanlarga qatnab, to`qimachilik korxonalarida ishlamoqda. Shunday korxonalarni tumandagi bo`sh binolar o`rnida tashkil qilish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari tumanlar iqtisodiyotini sog`lomlashtirish bo`yicha choralarni ko`rsatib o`tdi. Mutasaddilarga viloyatning barcha hududlarini shunday tahlil qilib, qo`shimcha “o`sish nuqtalari”ni aniqlash, daromad manbalarini ko`paytirish vazifasi qo`yildi.
Bu borada bir qator rejalar ham bor. Xususan, Ohangaron tumanida O`zbekiston – Vengriya sanoat zonasi tashkil etilib, 100 million dollarlik loyihalar joylashtiriladi. Angren erkin iqtisodiy zonasida maishiy texnika, metall prokat, meva-sabzavotni qayta ishlash bo`yicha 400 million dollarlik, “Eltex industrial” texnoparkida 260 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.
Yig`ilishda to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar jalb qilib, iqtisodiy-ijtimoiy loyihalarni jadallashtirish masalalari ko`rib chiqildi. Poytaxtdagi sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich shahardan tashqariga ko`chirish rejalashtirilgani, bu Toshkent viloyati uchun katta imkoniyat ekani ta`kidlandi.
O`zini o`zi band qilgan insonlarning kichik biznesga o`tishi, faoliyatini to`xtatgan tadbirkorlarning ishini yana tiklashiga ko`maklashiladi. Tomorqalarda Chinoz tajribasi bo`yicha ixcham issiqxonalar, kooperasiya asosida mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash majmualari tashkil etiladi.
Shuningdek, joriy yilda mahalliy va xorijiy turistlar sonini 5 millionga, turizmda eksportni kamida 300 million dollarga etkazish choralari bo`yicha fikr almashildi.
Xotin-qizlar va yoshlarni kasbga o`qitish hamda bandligini ta`minlash masalalariga ham alohida e`tibor qaratildi.






