AsosiyJamiyat

Prezident aholi daromadini oshirish va kambag`allikni qisqartirish choralarini muhokama qildi

'Prezident aholi daromadini oshirish va kambag`allikni qisqartirish choralarini muhokama qildi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 7 mart kuni mahallalarda aholi daromadini oshirish va kambag`allikni qisqartirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig`ilish o`tkazdi.

Mamlakatimizda ishsizlikni kamaytirish maqsadida ko`plab iqtisodiy dasturlar amalga oshirilmoqda. Kichik biznes va tadbirkorlik qo`llab-quvvatlanib, hududlarda korxonalar ochilmoqda. Professional ta`lim muassasalari va “Ishga marhamat” monomarkazlarida aholiga zamonaviy kasb-hunarlar hamda xorijiy tillar o`rgatilmoqda.

Bu yil 5 million aholining bandligini ta`minlash, 2 million kishini tadbirkorlikka jalb etish maqsad qilingan. Buning uchun davlat tomonidan barcha tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar yaratilgan.

Xususan, bu maqsadlarga 16 trillion so`m ajratildi. Shuningdek, Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Mahallabay ishlash agentligi, Fermerlar kengashi jamg`armalari tomonidan 1,4 trillion so`m yo`naltiriladi.

Endi asosiy vazifa – bu imkoniyatlarni joylarda samarali ishlatib, aholiga daromad manbai yaratib berishdir.

Prezident topshirig`iga muvofiq, Jizzax viloyatining G`allaorol va Sharof Rashidov tumanlari misolida bu borada tez natija beradigan yangi mexanizmlar ishlab chiqilmoqda. Kelgusida bu tizim barcha hududlarda joriy etiladi.

Yig`ilishda Bosh vazir o`rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qo`chqorov mazkur tumanlardagi yangi imkoniyatlar va ularni ishga solish bo`yicha takliflarni bayon etdi.

Unga ko`ra, har bir mahallaga iqtisodiy kompleks tashkilotlari rahbarlari biriktiriladi. Ular o`zi mas`ul bo`lgan mahalladagi kambag`al oilalar bilan manzilli ishlab, odamlarning daromadini oshirishga ko`maklashadi. Arzon kreditlar, subsidiya va imtiyozli resurslar, eng avvalo, aholini kambag`allikdan chiqarishga yo`naltiriladi. Yashirin biznes qonuniylashtirilib, rasmiy ish o`rni ko`paytiriladi.

Fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi ham, mahallaga mas`ullar bilan birga, aholi xonadonlarida serdaromad ekin ekishni tashkil qiladi.

Yangi uskunalar va bozor talablarini mahallalarga etkazish orqali aholiga daromadni oshirishni o`rgatish zarurligi ta`kidlandi.

Yig`ilishda vazirlar va hokimlarning ham fikrlari eshitildi. Viloyat hokimlariga rivojlanishdan orqada qolayotgan tumanlarda shu kabi ishlarni tashkil etib, namuna qilish, har bir mahalla kesimida ishsizlikni kamaytirish choralarini ko`rish topshirildi.

    Boshqa yangiliklar