Prezident Shavkat Mirziyoev 12 mart kuni joriy yilda uy-joylar hamda “Yangi O`zbekiston” massivlari qurilishi bo`yicha yig`ilish o`tkazdi.
Xalqimizga munosib turmush sharoiti yaratish maqsadida barcha hududlarda yangi uy-joylar barpo etilmoqda. Shu bilan birga, odamlarning xarid imkoniyatini kengaytirish uchun to`rt yil oldin ipoteka tizimining bozor tamoyillariga asoslangan yangi tartibi joriy qilindi. Unga muvofiq, o`tgan davrda barcha manbalardan 100 trillion so`m mablag` yo`naltirildi. Bularning hisobiga hududlarda 6 mingta ko`p qavatli uy barpo etilib, 250 ming oila yangi boshpanali bo`ldi. Daromadi yuqori bo`lmagan 45 mingta oilaga boshlang`ich badal va foiz to`lovi uchun 2,4 trillion so`mlik subsidiyalar berildi.
Jumladan, o`tgan yili mamlakatimiz bo`yicha 85 mingta yoki 2022 yilga nisbatan 1,5 barobar ko`p xonadon qurildi. Aholiga 17 trillion so`mlik ipoteka kreditlari ajratildi.
Aholi sonining o`sishini inobatga olib, bunday ishlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, joriy yilgi dastur doirasida 100 mingta uy-joy qurish rejalashtirilgan.
Yig`ilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Avvalo yangi uylarning sotuv narxi va sifatiga e`tibor qaratilib, nomutanosibliklar ko`rsatib o`tildi. Mutasaddilarga qurilish tannarxini pasaytirish va uylar sifatini yaxshilash bo`yicha topshiriqlar berildi. Shu maqsadda, taklifni ko`paytirish uchun ko`p qavatli uy-joylar qurilishiga qo`shimcha erlar auksionga chiqarilishi belgilandi.
Davlatimiz rahbari bu sohada aholi va quruvchilar uchun qator yangi imkoniyatlar berilishini ma`lum qildi.
Bu yil ipotekani moliyalashtirish uchun barcha manbalardan 22,5 trillion so`m yo`naltiriladi. Jumladan, ipoteka kreditlari uchun qariyb 10 trillion so`m, daromadi yuqori bo`lmagan 20 ming oilaga boshlang`ich badal va foiz to`lovini qoplash uchun 2,3 trillion so`m beriladi.
Pudrat tashkilotlarining aylanma mablag`ini ko`paytirish uchun 500 milliard so`m resurs yo`naltiriladi. Bunda yillik 16 foiz stavkada 12 oylik imtiyozli davr bilan 18 oyga imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Bu maqsadlarga banklar ham o`z mablag`larini kiritadi.
Qurilish ishlari hamda aholining uy-joy sotib olishi uchun ham qo`shimcha engilliklar yaratiladi. Xususan, endi 5 qavatli uylarni barpo etishga kamida “qoniqarli” va 9 qavatli uylarga “o`rta qoniqarli” reytingiga ega bo`lgan pudratchilar jalb qilinadi. Bu – qo`shimcha 2 mingga yaqin pudratchiga yo`l ochib beradi.
Turar joylar qurilishida “yashil” standart joriy qilinadi. U asosida bunyod etiladigan uy uchun pudratchilarga kreditlar bir foiz past, ya`ni yillik 15 foiz stavkada beriladi.
Pudratchilarga kreditlar bo`yicha kafillik berish va foiz xarajatini qisman qoplashga Tadbirkorlik kompaniyasi tomonidan 200 milliard so`m yo`naltiriladi. Uy qurilishi uchun maxsus texnikalar importi bo`yicha berilgan bojxona imtiyozi yana bir yilga uzaytiriladi.
Bundan buyon ipoteka kreditlari bo`yicha garovga olinadigan uyni sug`urtalash talabi bekor qilinadi.
Kambag`allikdan chiqarish dasturiga kirgan va turar joyi nochor ahvoldagi oilalarga, “mahalla ettiligi” tavsiyasi asosida, o`z hovlisida uy qurish va ta`mirlashga 120 million so`mgacha ipoteka krediti ajratish yo`lga qo`yiladi. Bunda kreditning 15 foizi va dastlabki besh yilda foiz stavkasining 6 foizgacha bandi byudjetdan qoplab beriladi.
Aholiga bu borada ko`maklashishda Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi muhim o`rin tutadi. O`tgan uch yilda uning kredit portfeli 3 trillion so`mdan oshdi. Ushbu kompaniya ustav kapitalini 100 million dollarga etkazish, xorijiy mablag`lar jalb etishni kengaytirish vazifasi belgilandi.
Yig`ilishda “Yangi O`zbekiston” massivlarini barpo etish masalalari ham ko`rib chiqildi.
Bugungi kunda hududlarda 38 ta massiv qurilishi boshlangan. Joriy yilda yana 17 ta massiv bunyod etish ko`zda tutilgan.
Lekin ayrim joylarda kechikish holatlari bor. Masalan, Surxondaryo, Andijon, Toshkent, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarida qurilish ishlari ortda qolmoqda.
Shu bois har bir massiv kesimida manzilli ro`yxatni tasdiqlab, bunyodkorlik ishlarini jadallashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Davlatimiz rahbari bunda asosiy talablar – sifat, muddat va tannarx ekanini ta`kidladi.
Ayrim noinsof quruvchilar xaridorlar ishonchini suiiste`mol qilayotgani qayd etilar ekan, ulushdorlik asosida uy-joy barpo etishda aholini himoya qilish tizimini kuchaytirish zarurligi ta`kidlandi. Shuningdek, er auksionida qatnashadigan qurilish va pudrat tashkilotlarining moliyaviy salohiyatiga minimal talablar joriy qilinishi belgilandi.
Ba`zi hududlardagi eski uylar renovasiya asosida yangilanib, odamlarga zamonaviy sharoitlar yaratilishi qayd etildi.
Bosh vazir o`rinbosari va viloyat hokimlari qurilish ishlarini tashkil qilish rejalari yuzasidan axborot berdi.