AsosiyJamiyat

Xitoy loukosteri O‘zbekistonga kirishni rejalashtirmoqda

Xitoyning aviakompaniyalaridan biri "Spring Airlines" O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi mumkin.

'Xitoy loukosteri O‘zbekistonga kirishni rejalashtirmoqda'ning rasmi

Xitoyning eng yirik xususiy arzon aviakompaniyalaridan biri — Spring Airlines Oʻzbekistonga toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyishi mumkin.

Bu masala Xitoyda boʻlib oʻtayotgan ITB China xalqaro turizm koʻrgazmasi doirasida Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi raisi Abdulaziz Akkulov va aviakompaniya rahbariyati oʻrtasida muhokama qilingan.

Maʼlum qilinishicha, muzokaralarda asosiy eʼtibor Oʻzbekiston va Xitoy shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni tashkil etish hamda yangi yoʻnalishlarni ochish masalalariga qaratilgan.

Tomonlar aviaqatnovlar sonini oshirish orqali ikki davlat oʻrtasida turistik aloqalarni kengaytirish imkoniyatlarini ham koʻrib chiqqan.

Shuningdek, uchrashuvda Xitoy bozorida Oʻzbekistonning turizm salohiyatini faol targʻib qilish, qoʻshma marketing loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilingan. Spring Travel platformasi orqali Oʻzbekistonni korporativ mijozlar uchun yangi turistik yoʻnalish sifatida taklif etish imkoniyatlari ham koʻrib chiqilgan.

Maʼlumot oʻrnida, 2004 yilda tashkil etilgan Spring Airlines Xitoyning birinchi xususiy loukosterlaridan biri hisoblanadi. Hozirda kompaniya 130 dan ortiq Airbus A320 samolyotiga ega boʻlib, 190 dan ziyod ichki va 50 dan ortiq xalqaro yoʻnalishlarda parvozlarni amalga oshiradi.

Taʼkidlanishicha, aviakompaniyaning Oʻzbekiston bozoriga kirishi havo qatnovlarini kengaytirish, raqobatni kuchaytirish hamda aviachiptalar narxlarining arzonlashishiga xizmat qilishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar