Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyat bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Xonobod shahrining “A.Navoiy” MFY hududini Qirg`iz Respublikasining Jalolobod viloyati Suzoq tumani Bekobod qishlog`i bilan bog`lovchi 2 ta yashirin erosti yo`li aniqlanib, ular orqali tovar-moddiy boyliklarni yurtimizga olib o`tish bilan shug`ullangan O`zbekiston va Qirg`iziston fuqarolaridan iborat transchegaraviy jinoiy guruh faoliyatiga chek kuyildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar qildi.
Dastlab Qirg`iz Respublikasi fuqarosi erosti yo`li orqali O`zbekistonga 16 ta qopda jami 813 dona mobil telefon vositalarini olib o`tib, yurtimizdan esa 1 kg. 745 gr. oltin yombilari va zargarlik buyumlarini olib chiqib ketmoqchi bo`lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, uning Andijon shahridagi boshqa sheriklari aniqlandi hamda ularga tegishli 10 ta manzil ko`zdan kechirilganida, mazkur erosti yo`laklari orqali olib o`tilgan mobil telefon apparatlari, planshet, noutbuk va ularning aksessuarlari borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ta`kidlash lozimki, har ikki er osti yo`li 20 metr chuqurlikda joylashgan, kengligi 70-80 sm. ni, balandligi 170-180 sm, birinchisining uzunligi 350 metrni, ikkinchisiniki esa 135 metrni tashkil qiladi.
Tezkor tadbir davomida, guruh a`zolaridan dastlabki kiymati 11 mlrd. so`mni tashkil qiluvchi jami 3813 dona turli mobil telefon apparatlari, 50 dona planshet, 97 dona noutbuk va 1000 donadan ortiq aksessuarlar, shuningdek 1 kg. 745 gr. oltin yombi va zargarlik buyumlari olindi.






