“Mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirish va tarmog`ini kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Qarori (PQ-136-son, 20.03.2024 y.) qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qarorga ko`ra, mahalladagi yoshlar etakchisiga quyidagi qo`shimcha vazifalar yuklatiladi:
- mahalla yoshlarini ommaviy va professional futbolga qiziqtirish, shuningdek, bu borada turli targ`ibot-tashviqot ishlarini tashkil etish;
- mahallalarda mavjud bo`lgan futbol bo`yicha sport inshootlari hamda boshqa sport maydonchalaridan tizimli va samarali foydalanilishini tashkil etish;
- mahallada futbol bo`yicha erkaklar va ayollarning turli yosh toifalari kesimidagi “mahalla terma jamoa”larini shakllantirish hamda ularni tayyorlashni tashkil etish;
- mahalla yoshlarining futbol bilan shug`ullanishi uchun etarli shart-sharoitlar yaratilganligini tahlil qilib borish hamda futbolni rivojlantirish bo`yicha sport-ta`lim tashkilotlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan hamkorlikni tizimli yo`lga qo`yish;
- mahallalardagi yosh iqtidorli futbolchilarni aniqlash hamda ularni professional futbol ta`lim muassasalariga yo`naltirib borish;
- mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirish, sport inventarlari bilan ta`minlash va mahalla terma jamoalariga qo`shimcha shart-sharoitlarni yaratish bo`yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga takliflar kiritish.






