Ijtimoiy tarmoqlarda “Tergovchilar meni elektr toki bilan qiynashdi” nomli xabar tarqaldi. Holat bo`yicha Surxondaryo viloyati prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.
Aniqlanishicha, Boysun tumanida yashovchi fuqaro A.A. o`zining murojaatida jiyani M.A.ni joriy yilning 10 yanvar kuni tuman IIB xodimlari urib tan jarohati etkazganligini ma`lum qilgani holati yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o`tkazilgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro M.A.ning 10.01.2024 yilda tuman IIB binosiga kirib chiqqanligi tegishli tartibda qayd qilinganligi, uning kelishi va binoni tark etishi hamda so`rov-suhbatxonasida suhbat o`tkazish jarayonlari tushirilgan video tasvir prosessual tartibda rasmiylashtirib olinib, ko`zdan kechirilganda, fuqaro M.A. sog`lom holatda kelib, sog`lom holatda IIB binosini tark etganligi aniqlangan.
Shuningdek, viloyat IIB tomonidan holat bo`yicha o`tkazilgan idoraviy xizmat tekshiruvi xulosasiga ko`ra, tuman IIB xodimlarining harakatlarida qonunbuzilishi holatlari aniqlanmagan.
Bundan tashqari, sud-tibbiy ekspertiza tekshiruvi davomida fuqaro M.A.ning badanidagi engil tan jarohati etkazilgan vaqti fuqaro bayon qilgan vaqtga mos kelmasligi ko`rsatib o`tilgan.
Tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko`ra, biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmaganligi sababli JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo`zg`atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.






