Ayni damda kunlar isib, fuqarolarning shahar chekkalarida, ochiq hududlarda dam olish holatlari ko`paymoqda. Bu esa, o`z navbatida, ayrim ko`ngilsiz holatlarga sabab bo`lmoqda, ya`ni dam olish maskanlarida chiqindilarni tashlab ketish, Qizil kitobga kiritilgan o`simliklarni uzish, olov yoqish, atrof-muhitni ifloslantirish holatlari ko`paymoqda.
Shu munosabat bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi dam olishga chiqqan fuqarolarni quyidagilarga amal qilishga chaqirdi:
- hosil bo`lgan maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish;
- kul va yonuvchi moddalarni o`chirish;
- yashil zonalarda o`simliklarni payhon qilmaslik;
- Qizil kitobga kiritilgan o`simliklar, jumladan, lolalarni noqonuniy termaslik;
- yovvoyi hayvonlarga duch kelganda ortiqcha harakat qilmaslik, ularga ozor bermaslik.
Yuqoridagi kabi holatlar kuzatilsa, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan jazo choralari qo`llanadi.
Dam olish maskanlarida turli ekologik huquqbuzarlik holatlariga duch kelinsa, bu haqda Ekologiya vazirligi (71 207-11-07), Ichki ishlar organlari yoki Milliy gvardiyaga murojaat qilish so`ralmoqda.






