1

Sirdaryo, Namangan, Jizzaxdagi poraxo`r advokat, “soliq”chi va “MIB”chilar qo`lga olindi

Jinoyat 25.04.2024, 10:43
Sirdaryo, Namangan, Jizzaxdagi poraxo`r advokat, “soliq”chi va “MIB”chilar qo`lga olindi

Davlat xavfsizlik xizmati Sirdaryo, Namangan, Jizzaxdagi poraxo`r advokat, “soliq”chi va “MIB”chilarni qo`lga oldi. Bu haqida DXX Matbuot xizmati darakchi.uz`ga ma`lum qildi.

Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasining soliq to`lovchilarga xizmat ko`rsatish bo`limi bosh inspektori Guliston shahrida faoliyat yurituvchi 3 ta mas`uliyati cheklangan jamiyatning soliq qarzlarini, ushbu MChJlarni soddalashtirilgan tartibda bankrot deb topish yo`li bilan bartaraf qilib berish evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Namangan viloyati Yangiqo`rg`on tumani soliq inspeksiyasi katta inspektori bog`dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo`jalikning 2023 va 2024 yillar uchun er solig`idan aniqlangan 11 mln. 200 ming so`m miqdoridagi qarzdorligini bartaraf qilib berish evaziga 7 mln. so`m, shuningdek, ushbu fermer xo`jalik rahbarining tanishiga tegishli noturar joyning mol-mulk va er soliqlaridan bo`lgan 55 mln. 100 ming so`m qarzdorligini ham to`liq bartaraf qilib berish evaziga 28 mln. so`m talab qiladi. 

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan viloyat prokuraturasi hamda ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, u talab qilingan jami 35 mln. so`m pul mablag`ini olgan vaqtida ushlandi. 

Namangan viloyati Uchqo`rg`on tumanidagi meva-sabzavot saqlash faoliyati bilan shug`ullanuvchi mas`uliyati cheklangan jamiyatga sovutish ombori qurish va unga zarur bo`ladigan agregatlar sotib olish uchun 2023 yilning yanvar oyida aksiyadorlik tijorat bankidan 170 ming AQSh dollari miqdorida kredit ajratiladi. 

Ammo, olingan kreditni to`lash davrida 3 oylik qarzdorlik yuzaga kelib, uni undirish maqsadida bank tomonidan Majburiy ijro byurosining Uchqo`rg`on tuman bo`limiga murojaat qilinadi. 

Shundan so`ng, mas`uliyati cheklangan jamiyat tomonidan kredit qarzdorligi to`lansada, byuroning 2 nafar davlat ijrochisi MChJ rahbarini aldab, go`yoki tuman prokuraturasi tomonidan kredit mablag`i maqsadsiz sarflanganligi holati bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilganligini aytib, uni javobgarlikka tortilmasligiga yordam berish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qilishadi.

Ammo, MIB Uchqo`rg`on tuman bo`limining davlat ijrochilari so`ralgan pul mablag`ini olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.

Jizzax shahridagi advokatlar hay`ati advokati Jinoyat Kodeksining 165- va boshqa moddalari bilan ayblanib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan o`z himoyasidagi sudlanuvchiga nisbatan, sud organlaridagi mansabdor tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlatib berish evaziga 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslaring barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1