O`zbekistonda kriminogen vaziyatni yaxshilash uchun 2023 yilning noyabr oyida o`tkazilgan "dolzarb 40 kunlik" reyd tadbirida qo`lga olingan jinoyat olami vakillaridan biri "Ziki eski shahar" laqabli L.U.ga nisbatan sud hukmi o`qildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari Matbuot kotibi xabar berdi.
Joriy yilning 19 aprel kuni jinoyat ishlari bo`yicha Shayxontohur tuman sudida JKning 273-moddasi 2-qismi bilan ayblanib sudlanayotgan L.U.ga oid sud ishi ko`rib chiqildi.
Aniqlanishicha, 2023 yil may oyining oxirlarida Toshkent shahri Shayxontohur tumani Katta Oqtepa mahallasi hududidagi jarlik yoqasidan 12 dona ko`knori boshoqlarini topib, ularni kelgusida o`tkazish maqsadida tanishi N.N.ga saqlab turish uchun bergan. 2023 yil 7 dekabr kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan N.N.ning Toshkent shahar, Shayxontohur tumanidagi yashash xonadonida tintuv o`tkazildi.
O`tkazilgan tintuv davomida, uning xonadonidan giyohvandlik vositalari topilib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan. Sudga oid kimyoviy ekspertizasining 2023 yil 8 dekabrdagi 3154-sonli xulosasiga ko`ra, tarkibida opiy guruhiga mansub bo`lgan alkoloidlar (kodein, tebain) mavjud bo`lgan, umumiy vazni 9,64 grammni tashkil qiluvchi "ko`knori boshog`i" ekanligi ma`lum bo`lgan.
Sud hukmiga ko`ra, L.U. JKning 273-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topildi va unga 6 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.