Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chirchiq shahar bo`limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda tadbirkorlik sub`ektlari huquqlarini himoya qilish yuzasidan o`tkazilgan tezkor tadbirda muvofiqlik sertifikati va bitim olib berishni va`da qilgan firibgarlar ushlandi.
Fuqaro Sh.D. “C.B.” MChJ rahbari Sh.Sh.ning ishonchiga kirib, unga go`yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida ushbu MChJda ishlab chiqarilgan beton mahsulotlari uchun Toshkent viloyati “Qurilish va uy joy kommunal sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi”ning laboratoriya xulosasi hamda muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirib berishi evaziga 700 AQSh dollarini olgan vaqtida qo`lga tushgan.
Shu kabi, Departamentning Asaka tuman bo`limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.J. fuqaro D.S.ning ishonchiga kirib, unga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida oilaviy maktabgacha ta`lim tashkiloti tashkil qilishi uchun bitim tayyorlab berishi evaziga 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






