Toshkent shahrida intim xizmat ko‘rsatuvchi ayollarni “himoya” qilib kelgan profilaktika inspektoriga sud hukmi o‘qildi. U fohishalik bilan shug‘ullanuvchi ayollarga nisbatan chora ko‘rmaslik va reydlar haqida oldindan ogohlantirish evaziga har oy pul talab qilib kelgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Yakkasaroy tumani profilaktika katta inspektori S.B. “Istanbul siti” turar-joy majmuasida faoliyat yurituvchi ayollarga “homiylik” qilishni va’da qilgan. Evaziga esa fuqaro Sh.X.dan har oy 400 dollar olib turgan.
Ma’lum qilinishicha, inspektor ayollarni rejalashtirilgan “Oriyat” tadbirlari haqida oldindan ogohlantirib, ularga nisbatan chora ko‘rilmasligini aytgan.
2025 yil 28 noyabr kuni DXX va IIV xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u navbatdagi 400 dollarni olayotgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Sudda ayblanuvchi aybiga qisman iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan. Sud uni Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topdi.
Hukmga ko‘ra, S.B. 2 yilga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi va 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jazo manzil-koloniyada o‘tiladi.






