AsosiyJinoyat

"Saidaziz medgorodok" qanday jinoyatlarda ayblanayotgani ma`lum bo`ldi

'"Saidaziz medgorodok" qanday jinoyatlarda ayblanayotgani ma`lum bo`ldi'ning rasmi

Saidaziz Saidaliev va boshqa shaxslarga nisbatan sud kuni belgilandi. “Adolat” axborot tizimlari kompleksining sud majlislari jadvaliga ko`ra, "Saidaziz medgorodok" hamda yana 28 kishiga nisbatan sud majlisi 2024 yilning 11 iyun kuni soat 10:00da jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudida boshlanadi.

Toshkentda “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliev jismonan baquvvat bir nechta shaxsni o`z atrofiga to`plab, o`ldirish yoki zo`rlik ishlatish bilan qo`rqitish kabi jinoyatlarni sodir qilganlikda ayblanmoqda.

1987 yil Toshkent shahrida tug`ilgan Saidaziz Saidaliev qarzdorlik va boshqa muammolari bo`lgan shaxslar masalasini qonunni chetlab o`tgan holda hal qilib berishi evaziga moddiy jihatdan manfaatdor bo`lib kelgan. Shu sabab u fuqarolarga tahdid qilib, pul mablag`larini noqonuniy qo`lga kiritgan. 

Sudlanuvchilarning aksariyati tovlamachilik, firibgarlik, bezorilik, pora berish, o`g`rilik, o`ldirish yoki zo`rlik ishlatish bilan qo`rqitish kabi qator jinoyatlarda ayblanmoqda. Jumladan, Saidaziz Saidaliev Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” va “v” bandi (Tovlamachilik), 165-moddasi 3-qismi “v” bandi (Tovlamachilik), 168-moddasi 4-qismi “a” va “v” bandi (Firibgarlik), 211-moddasi 3-qismi “a” va “b” bandi (Pora berish), 242-moddasi 1-qismi (Jinoiy uyushma tashkil etish), 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 277-moddasi 2-qismi “b” va “v” bandi (Bezorilik), 277-moddasi 3-qismi “a” bandi (Bezorilik) bilan ayblanmoqda.

Jabrlanuvchilar soni esa 30 nafardan ortiq. Ular orasida tadbirkorlar ham bor.

Saidaziz Saidaliev o`tgan yilning dekabr oyidagi jinoyat olami vakillariga qarshi o`tkazilgan tezkor tadbirlardan birida qo`lga olingandi. O`shanda u atrofiga jismonan baquvvat shaxslarni to`plab, qarzdorlik va boshqa muammolarni qonunni chetlab o`tgan holda hal qilib berish bilan shug`ullangani aytilgan.

Ma`lumot uchun, ayni paytda sudi davom etayotgan "Baxti Tashkenskiy" ham Toshkent shahar IIBB poytaxtda kriminogen vaziyatni yaxshilash bo`yicha keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar o`tkazgan paytda qo`lga olingandi.

    Boshqa yangiliklar