Shavkat Mirziyoyev 12 avgust kuni ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

1 sentyabrdan boshlab O‘zbekistonda pensiya va nafaqalar 15 foizga oshiriladi. 1 oktyabrdan budjet sohasi xodimlarining ish haqi 10 foizga, o‘quv va tibbiyot xodimlarining ish haqi 15 foizga oshiriladi. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (+10%) va BHM (+10,3%) ham belgilandi.

Bundan tashqari, quyidagi pensiya va nafaqalar ham 15 foizga oshiriladi:

  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — oyiga 800 ming so‘mdan 920 ming so‘mgacha;
  • mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — 800 ming so‘mdan 920 ming so‘mgacha;
  • 11941 — 1945 yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda — 3,53 million so‘mdan 4,06 million so‘mgacha;
  • belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (834 000 so‘mdan) 920 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori — 920 ming so‘mgacha;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — 648 ming so‘mdan 745 ming so‘mgacha;
  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — 648 ming so‘mdan 745 ming so‘mgacha;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — 648 ming so‘mdan 745 ming so‘mgacha;
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 745 000 so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun uchun 244 ming so‘m qo‘shiladi (ilgari 648 ming + 212 ming);
  • boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 745 000 (ilgari 648 ming so‘m) so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.