AsosiySiyosat

O‘zbekistonda Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi

Bu bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi.

'O‘zbekistonda Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi'ning rasmi

"Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, 2024 yil oktyabr oyida Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi. Tadbirni yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi.

Jumladan, Imom Termiziyning "Ash-Shamoil al-Muhammadiyya"va "Sunani Termiziy" asarlarini moturidiylik aqidasi va hanafiylik mazhabiga tayangan ko‘p jildlik akademik tarjimasi va sharhini tayyorlash hamda ularni nashr etish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, 2024 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida "Islom — tinchlik va ezgulik dini" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi. Uning doirasida Termizda "Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tadi.

2024 yil sentyabr-oktyabr oylarida Termiz davlat universiteti va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida "Termiziy allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi: o‘tmish va bugun" mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi hamda Imom Termiziy hayoti va ilmiy faoliyatiga oid ilmiy maqolalar tanlovi o‘tkaziladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasiga imom-xatiblar va diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida "Imom Termiziy asarlari bo‘yicha hadislar bilimdoni" tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash tavsiya etildi.

    Boshqa yangiliklar