AsosiySiyosat

"O‘zeltexsanoat" uyushmasi faoliyatini tubdan o‘zgartirish lozim — Prezident

Mutasaddilarga qo‘shni bozorlarda milliy brendlarimiz ostida kamida 15 tadan yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

'"O‘zeltexsanoat" uyushmasi faoliyatini tubdan o‘zgartirish lozim — Prezident'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarni ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot davomida elektrotexnika tarmog‘iga oid ko‘p masalalar o‘z yechimini topdi.

Masalan, faktoringdan eng ko‘p foydalanuvchi ham elektrotexnika korxonalari. Yil yakunigacha sohaga kamida 30 million dollarlik faktoring uchun resurs jalb qilinadi.

Hozirda tashqi qarz hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarda chetdan kirayotgan tovarlar bojxona boji va QQSdan ozod qilingan. Lekin bu loyihalarda qatnashayotgan o‘zimizning korxonalar QQS to‘layotgani oqibatida import tovarlar bilan narx bo‘yicha raqobat qila olmagani uchun bunday loyihalardagi ishtiroki cheklangani ko‘rsatib o‘tildi.

Endilikda xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarga yetkazib berilgan tovarlar uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarib berilishi belgilandi.

Tarmoq korxonalariga yagona talab – sifat, tannarx va raqobat. Buning uchun ishlab chiqarishga xalqaro standartlar joriy qilinishi va sertifikat mavjud bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.

Prezidentimiz maishiy texnika ishlab chiqarish asosan ichki bozor hisobidan rivojlanib kelayotganini qayd etdi.

O‘tgan yili ishlab chiqarilgan maishiy texnikaning 70 foizi ichki bozorda sotilgan.

Tashqi bozorlarda tarif va notarif to‘siqlar ko‘pligi bor gap, lekin eksport bozorlarida yirik uzelli yig‘ish asosida ishlab chiqarish qilib, ularga butlovchi qism va yarim tayyor mahsulotni ortiqcha yig‘imlarsiz yetkazib berish mumkin.

Endilikda qo‘shni bozorlarga texnologiya, malakali mutaxassis va butlovchi qismlar yetkazib, O‘zbekistonni mintaqaviy elektrotexnika xabiga aylantirish kerakligi ta’kidlandi.

Mutasaddilarga qo‘shni bozorlarda milliy brendlarimiz ostida kamida 15 tadan yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Yig‘ilishda tarmoq rahbarlari va hokimlarga yirik korxonalar bilan cheklanmasdan, sohadagi barcha tadbirkor bilan ishlashni o‘rganishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois “O‘zeltexsanoat” uyushmasining faoliyatini tubdan o‘zgartirish lozimligi ta’kidlandi.

Xususan, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan tovarlarni aniqlash, ular bo‘yicha loyiha qilib, tadbirkorlarga berish; sohadagi standartlarni xalqaro talablarga moslab, tadbirkorlarga joriy qilish va sertifikat olishda ko‘maklashish uyushmaning asosiy vazifalari bo‘lishi zarur.

Shuningdek, injener-texnolog va o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash bo‘yicha oliygoh va texnikumlarga buyurtma berish, ularning dasturlarini birgalikda ishlab chiqish; mahalliy korxonalardagi istiqbolli mutaxassislarni xorijiy ilg‘or kompaniyalarga stajirovkaga jo‘natish uyushma faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘lishi lozim.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar