AsosiySiyosat

Afg‘onistonlik 160 nafar ayol O‘zbekistondagi tibbiyot oliygohlarida o‘qitiladi

Bu borada Oliy ta’lim vazirligi va Qatarning Education above all fondi o‘rtasida memorandum imzolandi.

'Afg‘onistonlik 160 nafar ayol O‘zbekistondagi tibbiyot oliygohlarida o‘qitiladi'ning rasmi

9 sentyabr kuni Doha shahrida O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Qatarning "Ta’lim har narsadan ustun" (Education above all) fondi o‘rtasida afg‘on ayollarini O‘zbekistonda o‘qitishni nazarda tutuvchi memorandum imzolandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur kelishuv doirasida 160 nafar afg‘on ayolini O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitishi rejalashtirilgan. O‘quv dasturlari o‘zbek tibbiyot mutaxassislari tomonidan olib boriladi.

Loyihaga doir xarajatlarning katta qismini Qatar tomoni qoplaydi. Xususan, fond afg‘on ayollarini o‘qitish, turar joy bilan ta’minlash va boshqa zarur xarajatlar uchun 2,2 mln dollar miqdorida moliyaviy yordam ajratadi.

"Dastur ayollarning kasbiy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilish bilan birga, ularning o‘z vatanidagi tibbiyot sohasiga qo‘shayotgan hissasini kuchaytirishga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Memorandumning imzolanishi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, xalqaro ta’lim va tibbiyot sohasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlaydi", — deyiladi xabarda.

Vazirlikning ta’kidlashicha, mazkur kelishuv nafaqat O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi, balki Afg‘onistondagi ayollar huquqlarini himoya qilish, ularning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish va kelajakda o‘ziga ishonadigan tibbiyot mutaxassislari yetishib chiqishiga imkon yaratadi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar