AsosiyDunyo

Qirg‘iziston prezidenti o‘zbek murabbiyiga avtomobil sovg‘a qildi

U Porij olimpiadasida qirg‘iz bokschisiga yordam bergan edi.

'Qirg‘iziston prezidenti o‘zbek murabbiyiga avtomobil sovg‘a qildi'ning rasmi

Bugun, 11 sentyabr kuni, Sadir Japarov o‘zbek boks murabbiyi Akmal Xasanov bilan uchrashib, Munarbek Seyitbek uluning g‘alabasiga qo‘shgan hissasi uchun unga minnatdorlik sifatida avtomobil sovg‘a qilgan. Bu haqda prezident ma’muriyatining axborot siyosati xizmati xabar bergan.

“Butun dunyo Markaziy Osiyo xalqlarining bir-birini qo‘llab-quvvatlashini, o‘zaro do‘stona munosabatlarini namoyish etganini ko‘rdi. Sport tinchlik elchisi deb ataladi. Siz o‘zingiz bilan o‘zaro totuvlikni mustahkamlashga hissa qo‘shmoqdasiz. Birligimiz yanada mustahkamlanishini tilayman”, - dedi Sadir Japarov.

Prezident, shuningdek, Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiadada o‘zbek sportchilarining yaxshi natijalarga erishganini ham ta’kidladi.

“O‘zbekiston sportga katta e’tibor qaratadi. Biz esa oxirgi uch yilda sportchilarimizni faol qo‘llab-quvvatlay boshladik. Ilgarilari musobaqalarda ishtirok etish uchun zarur mablag‘larni o‘z vaqtida berolmagan hollar ham bo‘lgan. Hozir esa davlat zarur shart-sharoitlarni, hatto vitaminlar bilan ta’minlashgacha yaratib bermoqda”, - dedi davlat rahbari.

Akmal Xasanov samimiy so‘zlar uchun minnatdorlik bildirib, u Munarbek Seyitbek ulu bilan ko‘p marta uchrashganini va uning sekundanti bo‘lishga ikkilanmasdan rozi bo‘lganini aytgan.

Qayd etish joizki, qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek ulu Parij (Fransiya) Olimpiya o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritgan. U qirg‘iz boksi tarixida ilk bor Olimpiya medalini qo‘lga kiritgan sportchi bo‘ldi. Olimpiadada shaxsiy murabbiyi qatnashmaganligi sababli, o‘zbek murabbiyi Akmal Xasanov 1/8, 1/4 va Olimpiada yarim finalida sportchiga sekundant sifatida yordam berdi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar