AsosiySalomatlik

Saraton, insult, bepushtlik...

Mutaxassis chilim chekishning salomatlikka zararlari haqida ma’lumot berdi

'Saraton, insult, bepushtlik...'ning rasmi

Ushbu savollarga Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti, tibbiyot fanlari nomzodi Shuhrat Shukurov chilimning zarari haqida batafsil ma’lumot berdi.

— Chilim – tamaki hamda tarkibida tamaki bo‘lmagan mahsulotlarning tutashi yoki qizdirilishi natijasida hosil bo‘ladigan tutunni nafas orqali yutishga mo‘ljallangan moslama bo‘lib, aerozol (bug‘) yoki tutun suyuqlik solingan idish orqali (chilim suvdonidan) o‘tadi, — deydi mutaxassis.

 — Afsuski, so‘nggi paytlarda butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham bu illatga ruju qo‘yganlar soni ortib bormoqda. Vaholanki, u narkomaniyaning yengil ko‘rinishi bo‘lib, insonda nikotinga kuchli qaramlikni keltirib chiqaradi.

Qolaversa, chilimning zarari sigareta chekishdan aslo kam emas. Uning tutuni tarkibida kanserogen moddalar (nitrozaminlar, politsiklik aromatik uglevodorodlar, uchuvchan aldegidlar, jumladan, formaldegid va benzol) hamda azot oksidi va og‘ir metallar kabi zaharli moddalar mavjud.

Shuningdek, chilim ko‘miri yoqilganda ko‘p miqdorda uglerod oksidi (is gazi) va kanserogenlar ajralib chiqadi. Ushbu zaharli moddalar chekuvchilarda yurak va o‘pka kasalliklari hamda saraton xastaliklarini keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, oddiy tamaki chekuvchilarga qaraganda chilim chekuvchilar zaharli is gazi ta’sirida ko‘proq bo‘ladilar.

O‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida bu illatga qaram bo‘lganlarda yurak urishi, qon bosimining oshishi va boshqa xavfli o‘tkir yurak-tomir ta’sirlari, o‘pka funksiyasi buzilishlari va yallig‘lanishlari, fiziologik himoyaning pasayishi, is gazi ta’siridan hushdan ketish va o‘tkir zaharlanishlar kuzatilishi aniqlangan.

Ushbu zararli odat uzoq muddatli asoratlar qoldirishi bilan ham xavfli bo‘lib, olib borilgan kuzatuvlar davomida chilim chekish bilan o‘pka saratoni, tish bog‘lamlarining buzilishi, tishlarning barvaqt to‘kilishi hamda kam vaznli bola tug‘ilishi o‘rtasida uzviy bog‘liqlik borligi ma’lum bo‘ldi. 

Qolaversa, u og‘iz bo‘shlig‘i, qizilo‘ngach, oshqozon va siydik pufagi saratoni, o‘pka surunkali obstruktiv kasalliklari, insult, surunkali rinit, erkaklar bepushtligi, me’da-qizilo‘ngach refluksi va ruhiy buzilishlarga ham sabab bo‘ladi.

Shunday ekan, har bir inson bu illatdan uzoq bo‘lishi, farzandlarni esa chilim chekishning zararli ta’sirlaridan himoya qilish zarur.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar