"Oq uy Isroil bilan Eronning Isroil hududiga yirik raketa hujumiga javob berish borasida muzokara olib bormoqda", dedi AQSH prezidenti Jo Bayden, deya xabar bermoqda zamon.uz.
Baydenning ta’kidlashicha, uning jamoasi Eron hujumi paytida isroillik hamkasblari bilan aloqada bo‘lgan. Avvalroq Isroil mudofaa kuchlari matbuot kotibi Daniel Xagariy Eron raketalarining aksariyati Isroil, AQSH va boshqa nomlari oshkor qilinmagan ittifoqchi davlatlar tomonidan urib tushirilganini aytgan edi.
Ayni paytda, Axios nashri Isroil rasmiylariga tayanib, Tel-Aviv bir necha kun ichida Eronning neft ishlab chiqarish korxonalari va boshqa strategik obyektlariga qaratilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan "muhim javob zarbasini boshlashini" yozmoqda.
"Tehron, o‘z navbatida, AQSHni mojaroga aralashmaslikka chaqirdi", deb xabar qilmoqda Tasnim agentligi Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiga tayanib.
BMT Xavfsizlik kengashi bugun Nyu-Yorkda Yaqin Sharq bo‘yicha favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi.