Toshkentdagi universitetlarning birida tahsil oluvchi 21 yoshli yigit ijtimoiy tarmoqlarda e’lon joylab, fuqarolarning buyrak, jigar hamda suyak iligini sotishda yordam berishini ma’lum qilgan. Kunlarning birida murojaatchilardan birining buyragiga xaridor borligini, buning uchun u operatsiyaga Germaniyaga borishi kerakligini aytib, xarajatlar uchun 350 dollar olgan paytda qo‘lga olindi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi majlislaridan birida ma’lum qilindi.
Talaba e’lonini o‘qigan murojaatchi bitta buyragini sotmoqchiligini aytgan. Talaba yigit buning uchun donorga 38 ming dollar to‘lanishini bildirib, buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi Germaniyada bo‘lishini, safar oldidan 350 dollar to‘lashi kerakligini aytgan. Talaba ushbu pulni olgan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan.
Sud hukmida yozilishicha, talaba o‘z e’lonida inson buyragini 38 ming dollarga, jigarini 43 ming hamda suyak iligini 23 ming dollarga olishini bildirgan.
Talaba 2024 yil 26 aprel kuni Shayxontohur tumani hududida fuqarodan kelishilgan pulni olgan vaqtida huquqni muhoqaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan ushlangan. Unga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Inson tana a’zolariga xaridor talaba sudda bu ishni pulga muhtoj bo‘lib qolgani sabab qilganini, aslida Germaniyada hech qanday tanishlari yo‘qligini, 350 dollarni ehtiyojiga ishlatib, keyin qaytarib bermoqchi bo‘lganini bildirgan. Shuningdek, u akasi, singlisi va o‘zi talaba ekanini, barchasi kontrakt asosida o‘qishlarini aytib, suddan o‘ziga yengillik berishni so‘ragan.
Sud hukmi bilan talaba Jinoyat kodeksi 25- (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 133-1-moddasi 1-qismida (inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining oldi-sotdisi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.