Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida yashovchi Jahongirbek va Vasilaxonlar (ism-shariflar o‘zgartirildi)lar bir olam orzu-umidlar bilan oila qurgan edi. Lekin, farzandli bo‘lishgach, o‘zaro kelishmovchiliklar sababli oilaga darz ketdi.
Orzulari sarobga aylangan Vasilaxon kelin bo‘lib tushgan uyidan voyaga yetmagan farzandini tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ldi.
Hali 2 yoshning ostonasida turgan norasida jigarbandini ota qo‘liga tashlagan onaizor uning kelajagini o‘ylab, huquq himoyachilaridan yordam so‘radi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tumanlararo sudiga murojaat etdi.
Taraflar va xolislar ishtirokida bo‘lib o‘tgan sud majlisida bu masala atroflicha o‘rganilib, odil qaror qabul qilindi. 2023 yilda tug‘ilgan bolani ona parvarishiga muhtojligini inobatga olib, uni ona tarbiyasiga qaytarish zarurligi belgilandi.
Sudning ijro hujjati MIB Beshariq tumani bo‘limi ish yurituviga qabul qilinib, ijro harakatlariga kirishilgach, Jahongirbek yana bir “hunar” ko‘rsatishga urindi.
–Jamiyatimizda oilaviy ajrimlarning ortayotgani, farzandlar tarbiyasi hamda ularning moddiy ta’minoti og‘riqli masalalardan biriga aylandi, milliy o‘zligimizga xos bo‘lmagan oilaviy ajrimlardan begunoh farzandlar ko‘proq aziyat chekishi tashvishlidir – deydi MIB Beshariq tuman bo‘limi davlat ijrochisi Yo‘ldashali Abdunazarov.
Mazkur holatda davlat ijrochilari javobgarni bir necha marta ogohlantirishiga qaramay, Jahongirbek o‘g‘lini ona tarbiyasiga berishga jiddiy qarshilik qildi. Ma’muriy javobgarlikka tortilib, qonunda ko‘rsatilgan huquq va majburiyatlari tushuntirildi.
Ayni paytda bola ona tarbiyasiga sog‘-salomat olib berilib, ijro hujjati ijrosi tugatildi.