AsosiyJinoyat

Tuman hokimlari o‘rinbosarlari va yordamchilari jinoyat ustida ushlandi

DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda bir nechta mas’ullar qo‘lga olingan.

'Tuman hokimlari o‘rinbosarlari va yordamchilari jinoyat ustida ushlandi'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Dehqonobod tumani hokimining o‘rinbosari tumandagi Qorashina shaharchasini obodonlashtirish doirasida qurilgan obyektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasiga imzo qo‘yish evaziga tuman hokimligining ma’muriy binosi yonida 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur obyektdagi kamchiliklarni solishtirma dalolatnoma rasmiylashtirish yo‘li bilan bartaraf etib berish evaziga 15 mln. so‘m olgan vaqtida Qashqadaryo viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi yetakchi mutaxassisi ham qo‘lga olindi.

Hozirda hokim o‘rinbosari hamda davlat unitar korxonasining yetakchi mutaxassisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbari fuqaroga Xatirchi tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining hokim yordamchisi tavsiyanomasi asosida bankdan 100 mln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i olib berish evaziga 20 mln. so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, muqaddam sudlangan hokim yordamchisi o‘z xizmati uchun 10 mln. so‘m hamda Xatirchi tumanidagi aksiyadorlik tijorat banki mutaxassisi esa tegishli hujjatlarni tayyorlab, kredit mablag‘i ajratib berish evaziga 2 mln. so‘m olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Shahrixon tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining hokim yordamchisi o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga bankdan 100 mln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i ajratilishida yordam berish evaziga 9 mln. so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Hozirda hokim yordamchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 214-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Avval xabar berilganidek, joriy yilning may oyida Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Xovos tumani hokimining o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi MCHJga tegishli yerlarni hokimlik zaxirasiga olmaslik, aksincha, sug‘orish ishlariga sharoit yaratib berish hamda faoliyatiga hech kim aralashmasligini ta’minlash evaziga 20 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 1000 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan edi.

Hovos tumani hokimi o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

 Jinoyat ishlari bo‘yicha Sardoba tuman sudining hukmiga muvofiq, mazkur mansabdor shaxs 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar