AsosiyJamiyat

Endi suv omborlari to‘g‘onlari siljishi kosmik nazoratga olinadi

Ularning zilzilabardoshligi doimiy monitoring qilinadi.

'Endi suv omborlari to‘g‘onlari siljishi kosmik nazoratga olinadi'ning rasmi

O‘zbekistonda endi suv omborlari to‘g‘onlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimi joriy etiladi. Bu haqda “O‘zbekkosmos” matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan bo‘lib, dambalarning siljish va cho‘kish dinamikasi “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan kosmik nazoratga olinadi. Amalga oshirilgan monitoring natijalari “Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish” elektron platformasiga integratsiya qilinadi.

Mazkur elektron platformada suv omborlari bo‘yicha kosmik monitoring natijalari, xususan, mavjud to‘g‘onlarning real holati, ulardagi siljish va cho‘kish ko‘rsatkichlari, to‘g‘onlarning seysmik mustahkamligi va favqulodda xavflilik darajasi kabi muhim ma’lumotlar jamlanadi. Jarayonlarni doimiy nazorat qilib borish maqsadida “Suv omborlari to‘g‘onlarining zilzilabardoshligi kosmik monitoringini o‘rganish komissiyasi” tashkil etiladi.

“Suv omborlari to‘g‘onlarining mustahkamligi darajasini doimiy monitoring qilish ularning deformatsion-kuchlanganlik holatini baholashda muxim ahamiyat kasb etadi, sababi deformatsion-kuchlanganlik holatida to‘g‘on zilzilaga ta’sirchan bo‘lib, eng zaiflashgan nuqtasida favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan taqdirda talofat yetishi ehtimoli ortib ketadi”, deyiladi agentlik xabarida.

Qayd etilishicha, bu chora-tadbirlar orqali suv omborlaridagi to‘g‘onlarning mustahkamlik va yaroqlilik holatini doimiy o‘rganib borish, ularda kuzatilishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldindan tahlil qilish va ulardagi ehtimoliy siljishlarni aniqlash imkonini beradi.

    Boshqa yangiliklar