AsosiyDunyo

“Rus tilini bilmaydigan migrant bolalar maktabga qabul qilinmaydi”

Rossiya Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin migratsiya siyosatini o‘zgartirish bo‘yicha yana bir qonun loyihasi tayyorlanayotganini aytdi.

'“Rus tilini bilmaydigan migrant bolalar maktabga qabul qilinmaydi”'ning rasmi

Rossiyada rus tilini bilmagan migrant bolalarni maktablarga qabul qilish taqiqlanadi. Rossiya Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin migratsiya siyosatini o‘zgartirish bo‘yicha yana bir qonun loyihasi tayyorlanayotganini aytdi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Biz huquqni muhofaza qilish sohasidagi zarur qadamlarni tahlil qilib, yechimini kutayotgan muammoli masalalarga e’tibor qaratdik. Qaror doirasida hukumatga mehnat migratsiyasi hamda migrantlar bilan birga kelayotgan oilalar bo‘yicha takliflarimizni yo‘llaymiz, dedi Volodin.

Loyiha migrant bolalarni maktabga qabul qilishda ularning Rossiyada qonuniy bo‘lishini va ularning rus tilini bilish darajasini sinovdan o‘tkazishni nazarda tutadi. Qaror loyihasini 20 noyabr kuni ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 5 noyabr kuni rus tilini kam yoki umuman bilmaydigan xorijlik bolalar bilan ishlash algoritmini ishlab chiqishga chaqirdi. U rus tilini bilishga qo‘yiladigan talab darajalarini aniqlash va mustahkamlashni topshirdi.

Iyul oyida “Rosobrnadzor” rahbari Anzor Muzayev rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktabga qabul qilmaslikni taklif qilgandi. U chet el fuqarolari oilalari bilan Rossiyaga ko‘chib kelgan bo‘lsa va bu yerda yashashni rejalashtirayotgan bo‘lsa, ularning farzandlari rus tilini o‘rganishi kerakligini aytgan.

Iyun oyida Inson huquqlari bo‘yicha kengash rahbari Valeriy Fadeyev maktabda “rus tilini bilmaydigan birorta ham bola ro‘yxatda turmasligi kerak”ligini aytgan.

    Boshqa yangiliklar