Joriy yilning iyul oyida Yangiyo‘l tumanida bir oilaning barcha a’zolari o‘ldirilib, uyiga o‘t qo‘yilgani haqida xabar berilgan edi.
O‘shanda yong‘in bartaraf etilgach, xonadonni ko‘zdan kechirish davomida 1991 yilda tug‘ilgan erkak, 1999 yilda tug‘ilgan ayol, 2021 va 2022 yilda tug‘ilgan bolalar, 2018 yilda tug‘ilgan qizning murdalari turli tan jarohatlari bilan topilgan. Bosh prokuratura ma’lum qilishicha, vafot etganlar er-xotin va ularning 2 nafar farzandi, 1 nafar qiz jiyani bo‘lgan.
Gumonlanuvchi shaxs (1995 y.t.) jabrlanuvchi erkak (marhum) ning qarindoshi hisoblanib, u ushbu jinoyatni o‘rtalarida mavjud bo‘lgan qarz munosabati sababli sodir etganligi ma’lum qilingan edi.
Oliy sud Matbuot xizmatining xabar berishicha, bugun Toshkent viloyat sudida Jinoyat kodeksining 97 (qasddan odam o‘ldirish), 118 (nomusga tegish), 134 (qabrni tahqirlash), 164 (bosqinchilik) va 173 (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan Z. S. ga (erkak, 1995 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan) oid jinoyat ishini birinchi instansiyasida ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni boshlandi.
Ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.
Qo‘shimcha ma’lumot sud jarayoni yakuni bo‘yicha beriladi.