Vedomstvo huzuridagi Gidrometeorologik jarayonlarga ta’sir ko‘rsatish xizmatiga ko‘ra, joriy yilning 1, 11 va 12 may kunlari Namangan viloyatining Kosonsoy va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida do‘lli bulutlarga ta’sir ko‘rsatish ishlari olib borilgan. Jami 57 dona “Alazan-6” do‘lga qarshi snaryadi qo‘llanilgan.
Ta’kidlanishicha, konvektiv bulutlarga ta’sir ko‘rsatishga qaramay, ayrim hududlarda qisqa muddatli do‘l hodisalari kuzatilishi mumkin.
“Alazan-6” haqida ma’lumotga ko‘ra, mazkur tizim 1960-yillardan buyon do‘lga qarshi kurashda qo‘llanib kelinadigan raketa qurilmalaridan biri bo‘lib, bulut ichidagi jarayonlarga ta’sir ko‘rsatish orqali do‘l shakllanishini susaytirishga xizmat qiladi.
“O‘zgidromet” ma’lumotiga ko‘ra, Gidrometeorologik jarayonlarga ta’sir ko‘rsatish xizmati Namangan bilan birga Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ham faoliyat yuritadi.
Mutaxassislar qayd etishicha, so‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi tufayli qisqa muddatli, ammo kuchli yog‘ingarchiliklar, jumladan do‘l hodisalari soni ortib bormoqda.






