O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari va Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Konsullik departamenti vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Xitoy TIV Konsullik departamentining Viza siyosati va ishlari boshqarmasi direktori Son Shiyu bilan konsullik – huquqiy sohadagi ikki tomonlama hamkorlikka oid keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida, Xitoyning viza siyosati, ikki mamlakat fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda O‘zbekiston – Xitoy o‘rtasidagi sohaga oid me’yoriy-huquqiy bazani kengaytirish xususida fikr almashildi.
Xitoy tomoniga so‘ngi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, tadbirkorlik, biznes va xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar hamda va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Hukumatimiz tomonidan O‘zbekiston va dunyoning boshqa mamlakatlari o‘rtasida vizalarni liberallashtirishga ustuvor masala sifatida qaralayotgani ta’kidlanib, bu borada erishilgan ijobiy natijalarga to‘xtalib o‘tildi.
O‘zbekiston tomoni uchun kelgusida ham konsullik – huquqiy sohadagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri xorijiy davlatlar bilan viza tartibini yanada erkinlashtirish, xususan, viza talablaridan o‘zaro ozod etish to‘g‘risida kelishuvlarga erishish hisoblanishi aytib o‘tildi.
Tomonlar, o‘zaro samarali hamkorlik natijasida ikki mamlakat fuqarolari almashinuvini kengaytirish va turizm sohasini izchil rivojlantirishdan birdek manfaatdor ekanligini qayd etdilar.
Boshqarma direktori Son Shiyu O‘zbekistondagi siyosiy, iqtisodiy ijobiy o‘zgarishlar, ayniqsa, so‘ngi yillarda dunyo mamlakatlari bilan vizalarni liberallashtirish borasida olib borilgan samarali natijalarni yuqori baholab, Xitoy tomoni ham ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi.
Sohaga oid oldinda turgan masalalarni birgalikda hal etishga kelishib olindi.