2025 yilda Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan IV Osiyo o‘smirlar o‘yinlari Bahraynga ko‘chirildi.
Bu qaror Ijroiya kengashining joriy yil 2 dekabrdagi yig‘ilishida qabul qilingan.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi 2025 yilning sentyabrida bo‘lib o‘tadigan musobaqa mezbonligidan voz kechishi haqida xat yo‘llagan. Bunga Toshkentdagi Olimpiya shaharchasi qurilishi o‘z vaqtida yakunlanmasligi sabab sifatida ko‘rsatilgan.
Bahrayn olimpiya qo‘mitasi, sport maydonchalari, turar joy va tibbiy xizmatlar nuqtayi nazaridan 2025 yilda musobaqani o‘tkazishga tayyor ekanligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyida mamlakatimizga kelgan Osiyo Olimpiya kengashi Bosh direktori, Butunjahon suv sporti turlari federatsiyasi (World aquatics) prezidenti Husayn Al Musallam Toshkentda yoshlar Osiyo o‘yinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik bilan batafsil tanishib chiqqan edi.