Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tkazilayotgan COP16 konferensiyasi doirasida Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining (IUCN) Toshkent shahrida vakolatxonasini tashkil etish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Hujjatni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va IUCN bosh direktori Gretel Agilar imzoladi.
Ittifoq ofisi 2024 yilning fevral oyida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University)da ochilgan bo‘lib, bugun imzolangan bitim IUCN'ning mamlakatdagi faoliyati uchun huquqiy asos hisoblanadi hamda davlat organlari bilan hamkorligini ta’minlaydi.
"Ekologik muammolar chegara bilmaydi, bu esa kuchlarni birlashtirish va transchegaraviy hamkorlik muhim ekanligini anglatadi. IUCN'ning Toshkentdagi vakolatxonasi nafaqat O‘zbekistonga, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasiga xizmat qilib, tabiatni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishidan mamnunmiz", — dedi Aziz Abduhakimov.
Gretel Agilar IUCN'ning mintaqaning noyob biologik xilma-xilligi va qimmatli tabiiy resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha sa’y-harakatlariga yanada salmoqli hissa qo‘shish imkoniyatini taqdim etgani uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi.