AsosiySiyosat

Surunkali kasallikka chalinganlarning subsidiya olishdagi muammolari bo‘yicha senator so‘rovi yuborildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha joriy yilning 17 dekabriga qadar asoslantirilgan tushuntirishlar berishi nazarda tutilmoqda.

'Surunkali kasallikka chalinganlarning subsidiya olishdagi muammolari bo‘yicha senator so‘rovi yuborildi'ning rasmi

2023 yilning o‘zida tijorat banklariga 31 ming oilaga uy-joy ipotekasi uchun 9 trln so‘mlik resurs yo‘naltirilib, dastlabki badal uchun va foizlarni qoplashga 1,6 trln so‘m subsidiya ajratilgan.

Ta’kidlanishicha, surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekayotgan va alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslarning subsidiya olishi bilan bog‘liq jarayonlarda Sog‘liqni saqlash vazirligiga ham qator vazifalar yuklatilgan.

 “Ipoteka krediti bo‘yicha davlat subsidiyalarini berishdagi insofsizlik xavflarini baholash” bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijasida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda sohada hali ham o‘z yechimini kutayotgan masalalar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qildi.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi 182-sonli qarorida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekayotgan va alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini ishlab chiqish, normativ-huquqiy hujjat bilan tasdiqlash hamda jamoatchilikka e’lon qilish belgilangan, biroq mazkur ro‘yxatni ishlab chiqish hamda qabul qilish ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Hududiy tibbiyot muassasalariga bemorlarning surunkali kasalliklari haqidagi ma’lumotlarni elektron tarzda kuzatib borish va ma’lumotlarni yangilash imkoniyatini yaratish lozim bo‘lsa-da, bemorlarning kasallik tarixini raqamlashtirishga yetarli e’tibor qaratilmagan.

Ushbu holatlar fuqarolarning adolatli e’tirozlariga, jumladan og‘ir surunkali kasallikka chalingan shaxslarning subsidiya olish bilan bog‘liq muammolarga duch kelishiga va davlat organlari hamda tashkilotlariga murojaatlari ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Oliy Majlis Senatiga 2024 yilning 10 oyi davomida uy-joy masalasida 1137 ta murojaat kelib tushgani bundan darak beradi.

Og‘ir surunkali kasallikni boshidan o‘tkazayotgan fuqarolarning bu boradagi muammolarini bartaraf etishga qaratilgan zarur chora-tadbirlar xususida Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga senator so‘rovi yuborildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha o‘z rejalari haqida joriy yilning 17 dekabriga qadar asoslantirilgan tushuntirishlar berishi nazarda tutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar