Prokuraturaning fikricha, Xitoy razvedka xizmatlari tayvanlik sobiq harbiylarga qo‘poruvchilik faoliyatini moliyalashtirish uchun jami 90 ming dollardan ortiq pul o‘tkazgan
Tayvan prokuraturasi 7 nafar iste’fodagi harbiy zobitni Xitoydan pora qabul qilish va Pekinning siyosiy manfaatlarini ilgari surish hamda orolga ehtimoliy bosqin uyushtirilgan sharoitda Xitoy qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlash uchun jangari guruhlar tuzishni rejalashtirishda aybladi. Bu haqda Taipei Times nashri xabar bergan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruh rahbari, 62 yoshli Tayvan armiya akademiyasi bitiruvchisi Chu Xonji bo‘lib, u 2019 yilda Tayvandagi harbiy xizmatdan iste’foga chiqqach, Xitoyga ketgan va u yerda Xalq ozodlik armiyasiga ofitser sifatida yollangan.
Chu Tayvanda josuslik tarmog‘ini tashkil etishga va orolda Pekin manfaatlarini ilgari surishga qaratilgan siyosiy faoliyatni boshlashga rozi bo‘lgan. U “Qayta tiklash uchun ittifoq” partiyasini tuzdi, uning shiori “Xitoy xalqini qayta itklash, barcha xalqlar uchun tinchlik va baxt ulashish” bo‘lgan.
Prokurorlarning fikricha, Xitoy razvedka idoralari uning qo‘poruvchilik faoliyatini moliyalashtirish, shu jumladan faol va iste’fodagi Tayvan harbiylarini yollash va xitoyparast siyosiy kuchlarni ilgari surishni talab qilib, Chuning hisobiga jami 90 ming dollardan ortiq pul o‘tkazgan.
Huquq-tartibot idoralari vakillarining aytishicha, gumonlanuvchilar snayperlar bilan birga josuslik tarmoqlari va harbiylashtirilgan guruhlarni, shuningdek, Tayvanga xayrixoh amaldorlar va siyosatchilarni Xitoy armiyasi bostirib kirishi mumkin bo‘lgan vaqtda yo‘q qilish uchun harbiy “o‘lim guruhlarini” tashkil etgan.
Ma’lumki, Xitoy bostirib kirishidan xavotir olgan Tayvan o‘z mudofaa qobiliyatini kuchaytirishga harakat qilmoqda.
Abdulloh Sayyid