AsosiyDunyo

Yong‘inlar yadroviy hujumdan ko‘ra ko‘proq zarar keltirdi - Donald Tramp

Kaliforniyadagi yong‘inlardan ko‘rilgan zarar 150 milliard dollarga baholanmoqda.

'Yong‘inlar yadroviy hujumdan ko‘ra ko‘proq zarar keltirdi - Donald Tramp'ning rasmi

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Los-Anjelesdagi shiddatli o‘rmon yong‘inlari atom bombasi yetkazgan zarardan ko‘ra ko‘proq vayronagarchiliklarga sabab bo‘lganini aytib, jabrlangan hududlarda halok bo‘lganlarning haqiqiy soni hozirgi qurbonlar sonidan ancha yuqori bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirdi. 

Dushanba kuni Amerikaning News Max kabel yangiliklariga bergan intervyusida, Tramp Los-Anjelesdagi vayronkor o‘rmon yong‘inlarida halok bo‘lganlar soni keskin oshishini taxmin qildi, chunki mahalliy hukumat vayronalarni ochish uchun jasadni hidlab topadigan itlarni olib kelmoqda. 

“Menimcha, yong‘in yadroviy zarbadan ham ko‘ra ko‘proq zarar keltirgan. Men hech qachon bunga o‘xshash vaziyatni ko‘rmaganman. Ko‘plab chaqirim hudud shunchaki yonib ketdi. Hech narsa omon qolmadi”, degan Tramp o‘z intervyusida. 

O‘tgan hafta boshlangan ulkan o‘rmon yong‘inlari quruq cho‘l havosini olib yuradigan bo‘ronli shamollar tufayli yuzaga kelgan. Los-Anjeles okrugi tibbiyot idoralarining ma’lumotlariga ko‘ra kamida 24 kishi halok bo‘lgan. 

Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom bu yong‘inlarni AQSH tarixidagi eng yirik tabiiy ofat deb atadi. Yong‘inlar oqibatida 10 mingdan ortiq bino vayron bo‘lgan va 34 mingdan ziyod xonadon elektr energiyasiz qolgan. Shuningdek, suv ta’minotida muammolar kuzatilmoqda, bu esa yong‘inni o‘chirish ishlarini qiyinlashtirmoqda. Prezident Jo Bayden Kaliforniyaga olti oy davomida to‘liq moliyaviy yordam ko‘rsatishga va’da berdi. 

Qayd etish joiz, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Kaliforniyadagi yong‘inlar yetkazgan moddiy zararni o‘ziga xos tarzda baholagan. 

Kaliforniyadagi yong‘inlardan ko‘rilgan zarar 150 milliard dollarga baholanmoqda, bu esa Vashingtonning Kiyevga “oqizgan” pullari hajmi bilan deyarli teng, degan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya diplomatiyasining 2024-yildagi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

                                      Abdulloh Sayyid

    Boshqa yangiliklar