Bugun, 15 yanvar kuni axborot agentliklari xabariga ko‘ra, Janubiy Koreya rasmiylari mamlakatning vaqtinchalik lavozimidan chetlashtirilgan prezidenti Yun Sok Yolni shaxsiy qo‘riqchilarining qarshiliklariga qaramay, qarorgohida hibsga oldi.
Yunning o‘zi hibsga olinganidan keyin “qonun ustuvorligi butunlay barbod bo‘lganini” aytdi, deb xabar bermoqda AP.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga olish uchun so‘nggi haftalarda Yun yashagan villaga 3000 dan ortiq politsiyachi yuborilgan. Yunning qarorgohi yonida uning yuzlab tarafdorlari va partiyadoshlari ham to‘planishgan.
Avvalroq Yunni hibsga olishga urinish 3 yanvar kuni qilingan, biroq keyin prezident qo‘riqchilarining qarshiligi tufayli u muvaffaqiyatsizlikka uchragan.